Ukrainada urushning 446-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Lukashenko 9 maydan buyon ilk bor Minskda jamoatchilikka ko‘rinish berib, 13 may kuni Bryansk oblastida «to‘rtta havo kemasi urib tushirilgani» tufayli Belarus qo‘shinlari yuqori jangovar shay holatda turgani haqida ma’lum qildi.
  • Bryansk oblasti gubernatori tomonidan e’lon qilingan rasmiy versiyaga ko‘ra, 13 may kuni faqat bitta Mi-8 vertolyoti qulagan. Ammo 15 may kuni Starodubsk okrugi rahbariyati Su-34 samolyoti uchuvchisini qidirishda yordam so‘rab aholiga murojaat qildi.
  • Luhansk shahri markazida portlash sodir bo‘ldi. «LXR» ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Igor Kornet yaralangan. «Ukrainskaya pravda» o‘z manbasiga asoslanib xabar berishicha, portlash Ukraina xavfsizlik xizmatlari tomonidan uyushtirilgan.
  • RF mudofaa vazirligi katta masofaga harakatlanuvchi Storm Shadow raketasi urib tushirilgani to‘g‘risida ilk bor xabar berdi. Raketa aynan qachon va qayerda urib tushirilganiga aniqlik kiritilmagan. Ukraina ham, Ukraina qurolli kuchlari uchun bunday raketalarni yetkazib bergan Buyuk Britaniya ham hozircha bu ma’lumot yuzasidan izoh bermadi.
  • Putin xorijliklarga Ukrainadagi harbiy harakatlardagi ishtiroki uchun RF fuqaroligini olishga ruxsat berdi.
  • The Washington Post Pentagonning sizdirilgan maxfiy hujjatlariga tayangan holda Yevgeniy Prigojin Kiyevga ukrain harbiylari Baxmutni tark etishi evaziga Rossiya qurolli kuchlarining pozitsiyalarini oshkor etishni taklif etgani haqida xabar berdi. Kremldagilar buni «navbatdagi hazil» deb atadi.

Okkupatsiya ostidagi Yasinovatayada zarba oqibatlari

Yasinovataya Donetskdan 25 kilometr masofada joylashgan. Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan oblast markazi kabi 2014 yildan buyon okkupatsiya ostida qolmoqda. 15 may tongida Yasinovataya o‘qqa tutildi. Anneksiya qilingan «DXR»ning Moskva tomonidan tayinlangan hukumati hujumda Ukraina qurolli kuchlarini aybladi; Ukraina bu bayonot yuzasidan izoh bermadi. Yasinovataya meriyasiga ko‘ra, zarba oqibatida tinch aholi vakillaridan bir kishi halok bo‘lib, yana sakkiz kishi yaralangan.

Yasinovataya o‘qqa tutilishi chog‘ida yakson etilgan avtomobil
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA