Prezident qarori bilan jismoniy shaxslar va tadbirkorlarga vaqtincha soliqlardan yengilliklar berilyapti. O‘zgarishlarni Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Dildora Hoshimova tushuntirib berdi.

—Jismoniy shaxslarning vaqtida to‘lanmagan yer va mol-mulk soliqlari penyalari hisobdan chiqarilyapti. O‘zi hisobdan chiqarish nima degani? Fuqarolarga qanday yengilliklar beradi?

— Jismoniy shaxslarning egaligida yer uchastkasi bo‘lsa, ular yer va mol-mulk solig‘i to‘lovchisi, ko‘p qavatli uyda turuvchilar esa faqat mol-mulk solig‘i to‘lovchisi hisoblanadi. Bu soliqlar yillik hisoblab chiqariladi. O‘zi Soliq kodeksida soliqlar teng ikkiga bo‘lib, 15 aprel va 15 oktyabrda to‘lanishi belgilab qo‘yilgan. Penya — kechiktirilgan kun uchun jarima. Bu faqat yer va mol-mulk solig‘i uchun emas, balki barcha turdagi soliq turlari va jarimalar bo‘yicha, ya’ni ular muddatida to‘lanmagan bo‘lsa keyingi kunidan boshlab har bir kechiktirilgan kun uchun penya to‘lanadi.

Qaror qanday yengillik beradi? Soliq to‘lovchilar belgilangan muddatda soliqlarni to‘lamay, kechiktirib to‘lagan bo‘lsa, ularga penya yozilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga asosan hozirda 4 mln 400 ga yaqin fuqarolarimizda 553 mlrd so‘mlik penya hisoblangan. Bunda mana shu penyalar hisobdan chiqariladi. E’tibor berish kerak, soliqlar emas, yer va mol-mulk solig‘i belgilangan davr uchun to‘lanmagan soliqlar soliq to‘lovchining hisob-varag‘ida qoladi, faqat kechiktirib to‘langani uchun penyalar 2023 yil 1 iyungacha, ya’ni eski davrlar, bu 2019 yil bo‘ladimi, 2020, 2021 yil bo‘ladimi, kechiktirib to‘langan soliqlar uchun penyalar barchasi hisobdan chiqariladi. 

Jismoniy shaxs qayergadir murojaat qilishi kerakmi, degan savollar ham berilyapti. Yo‘q, penyalarni bekor qilish bo‘yicha jismoniy shaxs hech qayerga murojaat qilmaydi. Soliq organi avtomatik dasturidan har bir soliq to‘lovchining hisob-raqamidan penyalar uchun hisoblangan summa o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Soliq organi 2 hafta muddatda avtomatik tarzda penyalarni o‘chiradi. Aytganimdek, yer va mol-mulk soliqlari o‘z o‘rnida qoladi.

—  Bu shu vaqtgacha penyalarni to‘laganlarga ta’sir qilmaydi, to‘lamaganlarning penyalari hisobdan chiqariladi, shunaqami?

Shu paytgacha to‘lab qo‘yganlarniki qaror 2023 yil 1 iyundan deb chiqqani uchun mana bugun 20 iyun, mana shu muddat oralig‘ida eski davrlarga penyalarni to‘lagan shaxslar bo‘lsa, ularga mablag‘ qaytarib berilishi mumkin. Shu kungacha hisoblab qo‘ygan penyalarning 2023 yil 1 iyungachasini soliq organi o‘zi avtomatik hisobdan chiqaradi, 2023 yil 1 iyundan shu kungacha qarorni eshitmasdan to‘lab qo‘yganlar ariza yozib qaytarib olishi mumkin.