Sofiyaga tashrif ukrain armiyasi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bu bolgarlarning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik ifodasidir.
O‘tgan yili Bolgariya Ukraina uchun o‘q-dori va yonilg‘i yetkazib beruvchi asosiy hamkorlardan biriga aylangandi.
Bu davlat sovetlar davridan buyon mintaqada o‘qotar qurollar va artilleriya snaryadlarining eng yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Ukraina armiyasida esa aynan sovet kalibridagi snaryadlar uchun katta ehtiyoj mavjud.
2022 yil bahorida Bolgariya Ukrainaga o‘q-dori yetkazib berishdan rasman bosh tortgandi. Bu koalitsiya hukumati tarkibiga kirgan sotsialistlar talabi bilan bo‘lgan, shuningdek mamlakat prezidenti Rumen Radevning ham qarashlari ularnikiga yaqin edi.

Ammo o‘sha vaqtdagi bosh vazir Kiril Petkov va moliya vaziri Asen Vasilev («O‘zgarishlarni davom ettirish» liberal harakati asoschilari) Ukrainaga yordam yuborish yo‘lini topadi.
Keyinroq ular Germaniyaning Die Welt nashriga berilgan intervyuda urushning ilk oylarida Bolgariya uchinchi tomon orqali Ukrainaga o‘q-dorilarning uchdan bir qismi va yonilg‘ining 40 foizini yetkazib berganini aytishgandi.
Yevropaning Euraktiv yangiliklar sayti xabariga ko‘ra, o‘tgan yilda Bolgariyadan Ukrainaga bilvosita qurol va o‘q-dorilar eksporti hajmi kamida 1 mlrd dollarni tashkil etgan.
Jami rasmiy eksport hajmi esa 1,7 mlrd dollarga teng bo‘lgan (2021 yilda Ukrainaning Bolgariyadan jami importi miqdori 500 mln dollar atrofida edi).

Biroq, Ukraina Bolgariyadan tekinga ham yordam bo‘lishini xohlaydi: Bolgariya armiyasining o‘q-dori omborlari, S-300 zenit-raketa komplekslari, o‘ziyurar artilleriya qurilmalari, MiG-29 rusumli 16 ta qiruvchi va Su-25 rusumli 14 ta shturmovik (ulardan faqat bir qisminigina havoga ko‘tarish mumkin).



















