Qohira shahrida G‘azodagi vaziyat yuzasidan AQSh va Isroil ishtirokisiz bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar samarasiz yakunlandi. BMT Xavfsizlik kengashi a’zolarining fikrlari ham doimgidek yakdil emas. Kun.uz so‘nggi voqealarni tahlil qilish uchun “Geosiyosat” dasturiga siyosatshunoslar Lutfiddin Xo‘jayev va Kamoliddin Rabbimovni taklif etdi.
— Isroil faqat HAMAS bilan urishmoqdami yoki maqsad butun Falastinni egallashmi?
Lutfiddin Xo‘jayev: — So‘nggi voqealar va ikkala tomon bayonotlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, hozirgi paytda Isroilning asosiy maqsadi – G‘azo sektoridagi HAMAS faoliyatiga chek qo‘yish. Chunki so‘nggi 5-7 yil ichidagi Falastin-Isroil mojarolari asosan HAMAS bilan bo‘lyapti. Shu paytgacha bo‘lgan to‘qnashuvlarning eng uzuni 17 kun bo‘lgan edi. Hozirgi urush boshlanganiga esa 18 kun bo‘ldi. Isroil tomoni harbiy harakatlarni 3 oy davom ettirishni reja qilshgan, degan xabar ham chiqdi, ammo hali bu aniq emas. Quruqlikdagi qo‘shinlar faol harakatga kelgani ham yo‘q. Chunki jahon hamjamiyati ikki tomondan ham harbiy harakatlarni to‘xtatishni so‘rayapti.
Juda katta fojia bu, 2,5 mln aholisi bor hudud gumanitar halokat yoqasida turibdi. G‘azodagi inshootlarning uchdan biri bombardimon natijasida butunlay yaroqsiz holga kelgan. Shuning uchun ham hozirgi asosiy maqsad – urush harakatlarini to‘xtatish.
Isroil bu urushda faqat HAMAS bilan cheklanadi, menimcha. Chunki Falastin hukumati vaziyatga bosiqlik bilan yondashib, tinch yo‘l bilan hal qilish pozitsiyasida.
Kamoliddin Rabbimov: — Meningcha esa Isroil HAMAS orqali Falastin davlatchiligi bilan kurashyapti. Voqealar rivojiga qarasak, HAMAS 1987 yilda tuzilgan. Jangari guruhlarning Isroil atrofida paydo bo‘lishi asosan 70-yillardan boshlanadi. Ya’ni 1947 yildan 70-yillargacha arab davlatlari Isroilni tiyib turishga va Falastin davlatini tashkil qilishga harakat qildi.
Bu yerda savol paydo bo‘ladi. Agar faqat HAMAS bilan kurashyapti ekan, nega Netanyahu hokimiyatga kelgach, G‘arbiy sohildagi bosqinlar, yahudiylar joylashuvi tobora kuchayib boryapti? Mahmud Abbos ma’muriyati bilan muloqotni to‘xtatib, e’tiborni HAMAS bilan kurashga qaratdi. O‘ylashimcha, bu – Isroilning taktikasi. Asosiy maqsad – bosib olingan yerlarni Falastin davlatchiligiga qaytarmaslik va Falastin davlati tashkil topishiga yo‘l qo‘ymaslik. Isroil 1967 yilgi chegaralarga qaytmoqchi emas.














