Iqtisodiyot | 11:51 / 28.10.2023
21739
5 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy bozoridagi narx pufagi kengayishda davom etmoqda. Markaziy bank raisi munosabat bildirdi

Ko‘chmas mulk bozorida uy-joylarning bozor narxi fundamental narxidan o‘rtacha 36 foizga yuqori baholangan. MB raisi Mamarizo Nurmurodov “narx pufagi” paydo bo‘lganini inkor etib, ayni paytda xavf darajasi yuqori emasligini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Markaziy bankning 2023 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha tayyorlagan “Moliyaviy barqarorlik sharhi”da ko‘chmas mulk bozorida “narx pufagi” haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan

“Ko‘chmas mulk bozoridagi talab va taklif o‘rtasidagi yuzaga kelgan nomutanosiblik oqibatida 2023 yil I yarim yilligida uy-joylarning bozor narxi fundamental narxidan o‘rtacha 36 foizga ortiqcha baholanishi kuzatildi”, deyiladi MB sharhida.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda uy-joy bozor narxlarining o‘sib borishi, amaldagi imtiyozli ipoteka kreditlari va subsidiyalar bo‘yicha qo‘shimcha davlat dasturlari orqali aholining uy-joyga bo‘lgan talabining yanada rag‘batlantirilishi ko‘chmas mulk sektorida talab hajmining bevosita ortishiga turtki bo‘lgan.

“Uy-joyga bo‘lgan doimiy talabning saqlanib qolishi, taklif hajmining esa yuqori potensialda shakllana olmasligi natijasida kelgusida ko‘chmas mulk bozorida talab va taklif nomutanosibligi ortishi ehtimoliy narx pufagi yanada kattalashishi mumkinligiga ishora beradi. O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblik natijasida shakllanayotgan, uy-joylarning bozor va fundamental narxlari o‘rtasidagi nisbatan yuqori tafovut, ko‘chmas mulk bozorida tizimli xatarlar yuzaga kelish ehtimolini oshiradi. Mamlakatda iqtisodiy faollikning pasayishi, aholi umumiy real daromadining kamayishi, shuningdek real foiz stavkalarning ortishi va ipoteka kreditlari ajratish talablarining qat’iylashtirilishi kabi omillar ko‘chmas mulk bozoridagi talab hajmining kamayishiga sabab bo‘ladi. Buning natijasida, ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarining keskin pasayishi holati kuzatilishi mumkin”, deyilgan MB hisobotida.

“Xavf darajasi yuqorilashsagina kreditlarni cheklash kabi qarorlar bilan ta’sir o‘tkazishimiz mumkin”

26 oktyabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri “Ko‘chmas mulk bozoridagi narx pufagini kamaytirishda MB o‘zida mavjud bo‘lgan instrumentlardan foydalanadimi?” degan savol bilan rasmiylarga yuzlandi. MB raisi Mamarizo Nurmurodov ayni paytda xavf darajasi yuqori ekanini inkor etdi.

"Biz narx pufagi paydo bo‘ldi demoqchi emasmiz. Bu yerdagi asosiy jihat birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozoridagi farqdan kelib chiqilgan. Ya’ni Markaziy bank ipoteka kreditlarining foizlarini kamaytirish, oshirish yoki cheklash borasida hech bir chora qo‘llamoqchi emas. Bu fikrga urg‘u berganimizdan asosiy maqsad ipoteka kreditlarining tez sur’atda oshishi va yengilliklar bozordagi narxlar o‘zgarishiga ta’sir qiladi. Xavf darajasi yuqorilashsa, kreditlarni cheklash kabi qarorlar bilan ta’sir o‘tkazishimiz mumkin. Qonunchilik hujjatlarida ham ipoteka inqirozining oldini olish maqsadida ajratiladigan mablag‘ning maksimal miqdori cheklangan. Bu ham o‘z navbatida pufak yorilishining oldini olishga yordam beradi”, dedi Mamarizo Nurmurodov.

Uy-joy narxi qimmatlashishda davom etadimi?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilning avgust oyi holatiga Toshkent shahri kesimida uy-joy o‘rtacha narxining yillik eng yuqori o‘sishi Yunusobod (37,1 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (35,7 foiz) tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, nisbatan pastroq o‘sish Sergeli (27,8 foiz) va Olmazor (24,4 foiz) tumanlarida kuzatilgan. Bundan tashqari, ko‘chmas mulk egalarining uylarini ijaraga berishidan (uy qiymatiga nisbatan) olinadigan eng yuqori daromad Mirzo Ulug‘bek (12 foiz) va Chilonzor (10,6 foiz) tumanlarida olinayotgan bo‘lsa, nisbatan pastroq daromad Sergeli (8,5 foiz) va Uchtepa (8,2 foiz) tumanlarida qayd etilgan.

“Uy-joy narxlari oshib borayotgan sharoitda ijaradan kelayotgan daromadning jozibadorligi aholi jamg‘armalarining ko‘chmas mulkka yo‘naltirilishini yanada rag‘batlantiradi. Bu esa uy-joyga bo‘lgan talabni oshirib, ularning narxi yanada qimmatlashishiga olib kelishi mumkin”, deyilgan MHTI tahlillarida.

Mavzuga oid