— Finlandiyaning NATOga kirishiga asos bormidi?

Sayfiddin Jo‘rayev: — Finlandiyaning NATOga qo‘shilishi kutilmagan hodisa emas. Neytral davlat bo‘lsa ham, Finlandiya katta rol o‘ynovchi davlat bo‘lmagan, faqat oldindan Rossiyaning ta’sir qilish doirasida joylashgan. Oxirgi voqelar, ya’ni Rossiyaning Ukrainaga urushi, dunyoda Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat kuchayishi kabi omillar ortidan Finlandiya siyosiy elitasi NATOga kirishga qaror qilishiga olib keldi.

Farhod Tolipov: — Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishini 2 xil yondashuvda ko‘rib chiqish mumkin. Birinchisi “fitna nazariyasi”, ya’ni Rossiyani harbiy qurshab olish, harbiy zaiflashtirish, Putinning o‘zi ham shuni ta’kidladi. Ikkinchi yondashuv esa formativ yondashuv, bunda faqat Finlandiyaning ichki omillari yotadi, finlar ham o‘zini yevropalik deb bilishi, so‘rovnomalar natijasi, qolaversa, YeI a’zosi bu davlat. Faqatgina NATOga qo‘shilishi qolgandi, muqarrar edi bu voqelik.

Neytrallik pozitsiyasi 21-asrda o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Finlandiya uchun ham bu pozitsiya muhim hisoblanmagan bo‘lishi mumkin. Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishi aynan Rossiyaning Ukrainaga harbiy harakatlari fonida bo‘ldi. Finlandiyaga umuman taxdid bo‘lmagandir, lekin umumiy Yevropaga tahdid bo‘lgani uchun ham shu qarorga kelishgan bo‘lishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: — Finlandiya sobiq ittifoq mavjud bo‘lgan, sovuq urush bo‘lgan paytlar ham NATOga kirmagandi. Hozir kirayotganiga sabab shuki, sobiq ittifoqda Stalindan so‘ng kollegial boshqaruv bor edi, bitta odamga bog‘liq emasdi, SSSRning rejalarini oldindan bilish mumkin edi. Ammo hozirgi vaziyatda Putin Ukraina va Yevropani aldadi, bostirib kirmayman, dedi, lekin bostirib kirdi. Bugungi Rossiya siyosiy elitasida tashqi dunyoni aldash maxsus operatsiya sifatida ko‘riladi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirguncha 30-40 foiz finlandiyaliklar NATOga kirishni yoqlagan bo‘lsa, urush boshlangach 70 foizdan oshdi. Rossiya siyosatchilari aytayotgan gap haqiqat bo‘lavermaydi, ular istagancha aldashi mumkin. Kecha Putin hech qachon NATO bilan urushmaymiz, dedi, lekin bundan Germaniya cho‘chib ketdi, chunki Putin nimaiki deyotgan bo‘lsa, u maxsus operatsiya bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelingan.

Sayfiddin Jo‘rayev: — Siyosatda va’dalar, qandaydir chaqiriqlarga ishonib bo‘lmaydi. Har 30-40 yilda dunyoda geosiyosiy tartib o‘zgaradi. Hozir aynan o‘zgarish jarayonlari ketyapti.