Jahon | 09:35 / 11.01.2024
11001
4 daqiqa o‘qiladi

Putin yangi prezidentlik muddati uchun kuchga to‘la ekanini ma’lum qildi

Putin Chukotka poytaxti aholisi bilan suhbatda har kuni ikki soat sport bilan shug‘ullanishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u «mamlakat oldida turgan muammolarni hal etish uchun kuch va g‘ayratga to‘la ekanini his qilyapti».

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yoshi ulug‘ bo‘lishiga qaramay, lavozimida ishlashni davom ettirish uchun o‘zini kuchga to‘la deb hisoblaydi. «Men yoshi katta odamman, ammo mehnat qilish, mamlakat oldida turgan muammolarni hal etish uchun kuch va g‘ayratni his qilyapman», dedi Putin 10 yanvar, chorshanba kuni Chukotka ma’muriy markazi Anadir shahri aholisi bilan suhbatda. 

Rossiyaning chekka hududlariga safar uning saylovoldi kampaniyasi majburiy jihatidir, deya qayd etadi dpa agentligi. Shu bilan birga, Putin 23 yilda ilk bor Chukotkaga tashrif buyurdi. Ekstremal iqlimga ega hudud hisoblangan Chukotka poytaxtida yanvar oyi uchun sovuq ancha mo‘’tadil bo‘lib turibdi – taxminan -30 daraja, deb yozadi «Interfaks». 

2024 yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan Rossiya prezidenti saylovlarida Putinning g‘alabasi oldindan taxmin qilinayotgan bo‘lsa-da, u baribir bor kuchini jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirishga sarflamoqda, deb ta’kidlaydi dpa agentligi. Yilning aksariyat qismida qishki ob-havo hukm suradigan Anadirda prezidentga doimiy muzliklar ustida qurilgan, pomidor yetishtiriladigan issiqxonalar ko‘rsatildi. 

Keyinchalik, mahalliy aholi bilan suhbatda Putin shaxsiy narsalar haqida gapirdi, masalan, «har kuni ikki soat sport zalida va basseynda shug‘ullanishi»ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuridik fakultetda o‘qib yurgan chog‘ida qo‘shimcha ravishda duradgorlikni o‘rgangan va deraza oynalarini yasash orqali yaxshi pul topgan. U mahalliy aholiga hududiy muammolarni, masalan, tug‘uruqxona yo‘qligini hal etish bilan shug‘ullanishga va’da berdi. Rossiya prezidenti Ukrainada yaralangan harbiy xizmatchilar harbiy komissarliklarda ishga joylashtirilishini bildirdi. Putin Moskva viloyati va Rossiyaning boshqa hududlaridagi bir qator shaharlarda turar joy binolarini isitish bilan bog‘liq muammolar haqida bir og‘iz ham gapirmadi. 

Putinning salomatligi haqida mish-mishlar 

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, ommaviy axborot vositalarida Putinning sog‘lig‘i yomonlashgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar bir necha bor paydo bo‘ldi. Xususan, 2022 yil aprel oyi boshida «Proyekt» surishtiruv nashri Rossiya prezidenti oldiga saraton kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolashga ixtisoslashgan shifokor tez-tez tashrif buyurayotganini yozgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u birgina Sochiga Putinning oldiga kamida 35 marta uchib borgan. 

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2022 yil 29 may kuni Fransiyaning TF1 telekanaliga bergan intervyusida Rossiya prezidentining sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Bu rossiyalik yuqori martabali siyosatchining RF prezidenti salomatligi holati haqidagi taxminlarga javoban birinchi bayonoti edi. 

Mavzuga oid