Bojxona qo‘mitasi Oliy sudda yutqazdi – nohaq hukm qilingan sobiq bojxonachi lavozimiga tiklanadigan bo‘ldi
Joriy yilning 15 aprel kuni Kun.uz saytida «Tergov davrida ishdan bo‘shatilib, sudda oqlangan sobiq bojxonachilar ishga tiklana olmayapti» nomli maqola e'lon qilinib, unda uyushtirilgan dalillar asosida tergov qilinib, tazyiq ostida yozdirib olingan bildirgilarga asosan ishdan bo‘shatilgan sobiq bojxonachilar sudda oqlanganlaridan so‘ng o‘z lavozimlariga qayta olmayotgani haqida so‘z yuritilgandi.
Shuningdek, maqolada bojxonachilarning ishga tiklanishi masalasi ko‘rilgan dastlabki ikki sudda sobiq bojxonachilar foydasiga qaror chiqqani, biroq Bojxona qo‘mitasining shikoyatiga asosan ish Oliy sudda ko‘rilgach, ajrim chiqarilib avvalgi ikki sud qarori bekor qilingani, Bosh prokuror o‘rinbosari Oliy sud ajrimini noto‘g‘ri deb hisoblab, sobiq bojxonachilar manfaatida kassatsiya tartibida protest keltirgani, ayni damda ish Oliy sudda kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqilayotgani haqida yozilgandi.
Ish Oliy sudda kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqilib, sobiq bojxonachilardan biri – Panji Haydarov ishi bo‘yicha Bosh prokuror o‘rinbosarining protesti qanoatlantirildi. Ya'ni Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2021 yil 26 aprel kungi ajrimiga ko‘ra, Oliy sudning 2021 yil 5 fevraldagi avvalgi ajrimi bekor qilindi va FIB Termiz tumanlararo sudining 2020 yil 12 martdagi hal qiluv qarori hamda FIB Surxondaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2020 yil 2 iyundagi ajrimi o‘zgarishsiz qoldirildi.
Takroriy kassatsiya instansiyasi bunday qarorga kelishiga Oliy sud tomonidan ishni avvalgi ko‘rishda muddat noto‘g‘ri hisoblaganini asos qilib keltirdi. Ya'ni Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati da'vogarning da'vo talablariga nisbatan Mehnat kodeksining 270-moddasida belgilangan bir oylik muddatda murojaat qilishi lozimligini to‘g‘ri talqin qilgan bo‘lsa-da, da'vogar sud hukmiga asosan 2016 yil 3 may kuni sud zalidan qamoqdan ozod qilinganidan da'vo muddatini hisoblab, noto‘g‘ri xulosaga kelgan, deb topildi.
Chunki P.Haydarov jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudining 2016 yil 3 maydagi hukmi bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 2-qismi «a, b, v, g» bandlari bilan aybdor deb topilib, 2 yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan va bunday holatda da'vogar ishga tiklash bo‘yicha sudga murojaat etish huquqidan mahrum hisoblangan.
Shuningdek, ajrimda P.Haydarov o‘zi reabilitatsiya qilinganidan so‘ng, ya'ni sudning 2019 yil 25 dekabrdagi ajrimiga asosan ishga tiklash haqidagi talab bilan sudga 2020 yil 24 yanvarda (o‘z vaqtida) murojaat qilgani kassatsiya instansiyasining e'tiboridan chetda qolgani va bunday holatda da'vo muddati o‘tgan deb hisoblab bo‘lmasligi qayd etildi.
Oliy sudning 2021 yil 5 fevraldagi ajrimi bekor qilinishi va dastlabki ikkita sud qarorining o‘zgarishsiz qoldirilishi shuni anglatadiki, endilikda Bojxona qo‘mitasi gap-so‘zsiz P.Haydarovni oldin ishlagan ishiga – Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasi «Termiz» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining Bojxona to‘lovlari va qiymatini aniqlash hamda bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish guruhi bosh inspektori lavozimiga tiklashga majbur va bu masalada ortiq sudlasha olmaydi. Sobiq xodimni ushbu lavozimga tiklash imkoni bo‘lmagan taqdirda esa shunga teng boshqa lavozimga tiklash lozim bo‘ladi. Shuningdek, P.Haydarovning qonunga xilof ravishda qamoqda saqlangan vaqti, jazo o‘tagan vaqti va lavozimidan chetlashtirilgani tufayli ishlamay yurgan vaqti uning umumiy mehnat stajiga va ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga qo‘shilishi takroriy kassatsiya ajrimi bilan uzil-kesil hal qilindi.
P.Haydarov bilan bog‘langanimizda hozircha ishga tiklanmaganini, ishga tiklanish bo‘yicha Bojxona qo‘mitasiga 17 may kuni ariza yozganini ma'lum qildi.
Aslida, Oliy sud ajrimi darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan hujjat bo‘lsa-da, Bojxona qo‘mitasi nega sud hujjatini ijro etishga shoshilmayotgani hozircha bizga qorong‘i.
Mavzuga oid
19:20 / 21.10.2024
Toshkentda sudyalar uchun Germaniya va Sloveniya tashkilotlari hamkorligida seminar-trening boshlandi
14:44 / 21.09.2024
Senatda Oliy sud raisiga o‘rinbosarlar saylandi
21:57 / 23.07.2024
Oliy sud fuqaroning ijtimoiy norma bo‘yicha shikoyatini qabul qilmadi
22:11 / 19.07.2024