Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov aholining turli qatlamlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralar ko‘rish maqsadida Xonqa tumani, Tomadurvadik qishlog‘ida shaxsiy sayyor qabulini o‘tkazdi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

“Vaisniyoz – Qahramon” fermer xo‘jaligiga qarashli dala shiyponida tashkil qilingan tadbirda Xorazm viloyati prokurori o‘rinbosari G‘ayrat Abdullayev, Xalq qabulxonasi rahbari Sultonboy Berdiqilichev, sektor rahbarlari, viloyat va tumanning mutasaddi tashkilotlari va davlat idoralari rahbarlari, xodimlari, mahalla faollari, tumanlardan kelgan murojaatchilar ishtirok etishdi.

Tadbirdan oldin, Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi nogironligi bor shaxslarga maxsus aravachalar va qo‘ltiqtayoqlar topshirildi. Farhod Ermanov hozirgi paytda viloyat bo‘yicha 560 nafar nogironligi bor odamlar aravacha olishga navbatda turganini qayd qilib, bu muammoni zudlik bilan hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari, aravachalarning tantanali topshirish marosimini uyushtirish shart emasligini ta'kidladi.

Shaxsiy sayyor qabulining boshlanishidan oldin, Farhod Ermanov bu safar uning shakli o‘zgacha bo‘lishini, xususan, tadbirga barcha tumanlar hokimlarini chaqirganini, murojaatchilar avvalo, shu yerning o‘zida tumanining rahbari oldiga borib, muammoni hal qilishga harakat qilishini, agar yechimdan norozi bo‘lsa, hokimi bilan birga oldiga kelishi shartligini tushuntirdi. Viloyat rahbari buni ob-havoning kutilmaganda sovishi va qabulning cho‘zilib ketishi murojaatchilarga noqulaylik tug‘dirishi, shuningdek, muammolarning tezroq hal qilinishi bilan izohladi.

Farhod Ermanov tuman hokimliklari aholi murojaatlariga yetarli darajada e'tibor bermayotganini, hokimlik binosi sutkasiga 24 soat davomida ochiq bo‘lishini, tuman rahbari esa haftaning 5 kuni davomida xalq murojaatlarini o‘rganib, ularning yechimini topishi shartligini ta'kidladi.