Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Bugungi anjumanda ilk bor tuman studiyalaridan ham 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etmoqda.
Davlat rahbari mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qo‘shayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.
Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish an’anasi boshlanganidan buyon biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.
“Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun!” – dedi prezident.
O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.

Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Shavkat Mirziyoyev buni o‘zbekistonlik tadbirkorlar zabt etgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.
“Bugun tadbirkorlarimiz “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni ko‘paytirish” bosqichiga o‘tyapti”, – dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yilda:
- korxonalarning asosiy kapitalga investisiyasi 3 karra ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetdi;
- sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi;
- axborot texnologiyalari, fintex va boshqa servis sohalarining jadal rivojlanayotgani hisobiga xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mlik marradan o‘tgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi;
- yetakchi xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar 3,5 mingtani tashkil etmoqda;
- biznesini mahallada boshlab, mamlakat bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar 300 tadan oshdi;
- mis, oltin, metall prokat, poliyetilen, PVX, kaolin va boshqa xomashyolarning taklifi oshirildi, natijada elektrotexnika, qurilish materiallari, farmasyevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda “katta sakrash” qilindi;
- elektromobil, polimer va maishiy kimyo, “yashil” energetika, zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllandi, “BYD”, “ADM Jizzakh”, “Sirdaryo Asaka Motors” kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi kompetensiya va texnologiyalar olib kirdi.

Prezident so‘nggi yillarda Xorazmda ham tadbirkorlik uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi:
- qisqa davrda viloyatga 4 milliard dollar xorijiy investisiya kirib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushdi;
- “Hazorasp” maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasi tashkil etildi;
- Tuproqqal’a va Yangiariqda jami 275 megavattli elektr stansiyalar barpo qilinib, korxonalarning barqaror energiya ta’minotiga xizmat qilmoqda;
- bugun Xorazm iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda; eksportda kichik biznes ulushi 81 foizga yetib, viloyat respublikada birinchi o‘ringa chiqdi;
- haftalik aviareyslar 16 tadan 102 taga, temir yo‘l qatnovlari 8 tadan 41 taga ko‘paydi; “Toshkent – Xiva” tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yildi, 35 kilometrlik yangi “Urganch – Xiva” avtomobil yo‘li ishga tushirilmoqda;
- 25 gektarda “Arda Xiva” turistik majmuasi barpo etildi, tadbirkorlar 7 ming o‘rinli 331 ta mehmonxona va mehmon uylarini tashkil qildi – joriy yil Xorazmga 3 million xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda;
- Xivada mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar obektlarni o‘z ichiga olgan “Sahro yulduzi” turistik kompleksi ham bunyod etiladi.
“Bir so‘z bilan aytganda, bugun Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.









