Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sea Breeze Uzbekistan loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi - ekologiya vaziri
Emin Agalarov o‘zidan o‘zi kelib, Chorvoqda kurort quraman deyayotgani yo‘q, u O‘zbekistonga taklif etilyapti, dedi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov matbuot anjumanida. U investor tomonidan loyiha hali rasman taqdim etilmagani, taqdim etilgach, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini aytdi. Matbuot anjumanidan Kun.uz videoreportaji.
23 iyul kuni Toshkentda Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori bo‘yida ozarboyjonlik tadbirkor Emin Agalarovning loyihasi asosida kurort shahar qurilishiga oid matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanning kirish qismida ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov investor tomonidan hali loyiha ko‘rib chiqish uchun rasman kiritilmagani, tegishli hujjatlar taqdim etilgach, vazirlik loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishini aytdi.
Aziz Abduhakimov, ekologiya vaziri:
— Ochig‘ini aytganda, hozir bizga [loyiha tafsilotlari haqida] og‘zaki ravishda, norasmiy aytilyapti. Shuning uchun biz iltimos qildik: hujjat olib kelsin. Hujjat bo‘lganidan keyin, biz ham, Qurilish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, tegishli inspeksiyalar, ekologik ekspertiza markazi, hamma tegishli vazirlik-idoralar o‘zining e’tirozlari yoki takliflarini bildira oladi.
Hozir hali hujjati yo‘q, biz esa (ekofaollar nazarda tutilmoqda – tahr.) “yo‘q, bo‘lmasin” deb turibmiz. Oldin hujjati kelsin... Bir narsaga yo‘q deyishdan oldin shu narsa paydo bo‘lishi kerak. Hali bizda taklif ham, hujjat ham yo‘q, biz esa yo‘q deyapmiz.
Loyiha bizga kelganidan keyin, uni albatta jamoat muhokamasiga qo‘yamiz. Hamma ko‘rsin shuni. Uni bekitib, kechasi qo‘l qo‘yib chiqarib yuboradigan odam yo‘q respublikada.
U kishi (Emin Agalarov nazarda tutilmoqda – tahr.) ham respublikaga taklif etilgan developer. U o‘zidan o‘zi kelib: “Mana, men shu Chorvoqda quraman” deyayotgani yo‘q. Aksincha, tajribali bo‘lgani uchun, ekologik standartlarga javob beradigan qurilishlarni qilgani uchun ham O‘zbekistonga taklif etilyapti. Bo‘lmasa, o‘zida juda unaqa katta xohishi yo‘q, uning [Chorvoqdan boshqa] mingta taklifi bor: uni hozir Qirg‘iziston, ham chaqirishyapti, Qozog‘istonda ham unga takliflar bor, mana Turkiyada juda katta loyihalarni amalga oshiryapti, Chernogoriyaga ham borib qilaman deyapti...
Men aytmoqchi bo‘lganim, biz yo‘q deyishdan oldin... Avval taklifini bersin, ko‘raylik o‘zi nima taklif qilayotganini. Hali ko‘rmasdan, yo‘q deyishimiz, menimcha, aqlga to‘g‘ri kelmaydigan narsa. Shuning uchun, kelinglar, oldin ko‘raylik.
Biz Ekologiya vazirligi sifatida Chorvoq atrofidagi hududning bosh rejasini ishlab chiqish talabini qo‘yayapmiz. Ya’ni kelajakda bu atrof qanaqa bo‘lishini bizga aniq aytib berishi kerak. Biz jamoatchilik bilan birgalikda qurilish maydonchalarini aniq-aniq belgilab olib, qolgan joylarda “qurilish bo‘lmaydi” deb moratoriy e’lon qilishni taklif etyapmiz.
Bo‘lmasa, hozir shunga ketyapmizki, butun Chorvoq bo‘yini qurilish qilib tashlashadi: mana, hozir Sijjak tomonda ham, bu tomonda ham, qanchadan qancha qurilish bo‘lib yotibdi. Bu ketishda biz ularni oxirigacha nazorat qila olmaymiz. Shuning uchun bizning taklifimiz: kerakli joylarni belgilab olib, faqat o‘sha yerdagina zamonaviy dam olish maskanlarini yaratib qo‘yaylik-da, shundan keyin qolgan hududga tegib bo‘lmasin, ya’ni hech qanaqa qurilish bo‘lmasin. Kerak bo‘lsa, shuni qonun bilan belgilashni ma’qul deb ko‘ramiz.
Hozir ko‘plarga moratoriy so‘zi yoqmaydi. Bir xillar “daraxtlarni kesishga moratoriyni bekor qilinglar” deydi. Kimdir “shag‘alga moratoriyni bekor qilinglar” deb yotibdi. Lekin men o‘ylashimcha, bu moratoriylar – yaxshi narsa.
— Chorvoqda qurilish allaqachon boshlanib ketgani haqida gap-so‘zlar yuribdi. Bundan tashqari, Toshkentda “Sea Breeze Uzbekistan” nomi bilan sotuv bo‘limi ham ishga tushgani aytilgan rasmlar tarqaldi.
Aziz Abduhakimov: “Sea Breeze Uzbekistan” ochilgani haqida men ham, to‘g‘risini aytsam, OAVda rasmini ko‘rdim. Keyinroq, bugun kelayotganimda ko‘rdim, Markaz-1 dahasida ochilgan ekan. Men ham sizlarga o‘xshab nima ekan deb qiziqdim. Menga tushuntirishdiki, bu ofis – uyoqdagi (Boku yaqinidagi Sea Breeze nazarda tutilmoqda – tahr.) kvartiralarni sotish uchun. Ya’ni ular o‘zbekistonliklarga ham u yerdan [ko‘chmas mulk] sotib olishni taklif etyapti.
— Ozarboyjondagi loyiha – “Sea Breeze”, Chorvoqdagisi esa “Sea Breeze Uzbekistan”. Shuning uchun Ozarboyjondagi loyihaning sotuv ofisi deyish qiyin.
Aziz Abduhakimov: Eng yaxshi variant – kirib so‘ranglar. Men “Sea Breeze Uzbekistan” vakili emasman-ku, to‘g‘rimi? Men o‘zim qiziqqanimda, savolimga shunaqa javob oldim: bu sotuv ofisi ularning Kaspiy bo‘yida mavjud obektlaridagi ko‘chmas mulklarni sotish uchun ochilgan. Menga shunaqa deb aytishdi.
O‘zbekistondagi loyiha bo‘yicha esa bir narsani sotishga hali haqqi yo‘q, chunki unga yer ham tegishli emas, loyiha ham yo‘q... Ofisni qanaqa nomlash esa – ularning ishi. Balki yaxshi niyat qilib ochgandir, qachondir qilamiz deb.
— Chorvoq bo‘yidan tarqalgan videolar-chi? Sekin-sekin binolar qurishyapti, degan mish-mishlar tarqaldi.
Aziz Abduhakimov: Hozir Chorvoqqa borsangiz, suv bo‘yida mashinalar terilib, odamlar dam olyapti. Hammayoqda mashinalar, sohilda qum yo‘q, toshlardan iborat, hammayoqda chiqindi bo‘lib yotibdi. Yo‘laklar buzilib ketgan... Biz aytdik: bizga bitta chiroyli, zamonaviy plyaj qilib beringlar, o‘zi nimaligin haqiqatan ham ko‘raylik, dedik. 200-300 metrlik joyda andoza sifatida qilib beradigan bo‘lishdi.
Bu – qurilish emas, obodonlashtirish. Faqatgina tekislab, tartibga keltirib, soyabonlar o‘rnatishga tayyorgarlik qilyapti. Faqatgina plyaj. Hech qanaqa kapital qurilishlar olib borilmayapti. Chunki buni boshlash uchun bizdan, Qurilish vazirligidan ekspertizadan o‘tishi kerak.
— 577 gektarlik loyiha uchun ajratilgan hudud hozirda kimning balansida?
Jo‘rabek Ahmedov, Bo‘stonliq tumani hokimi: 577 gektar maydonning asosiy qismi – tuman zaxira hududlari hisoblanadi. Yerlarning bir qismi fermer xo‘jaliklariga ham tegishli – ularni investor fermerlardan belgilangan tartibda baholab, sotib oladi. Yana bir qismi – o‘rmon xo‘jaligiga tegishli ochiq yer maydonlari, hech narsa ekilmagan, toshloq maydonlar. Lekin asosiysi – hokimiyat zaxirasidagi yer maydonlari hisoblanadi.
Dastlabki bosqich uchun 100 gektar maydon tanlab olinyapti. Lekin bu loyihani hali ko‘rsatgani yo‘q, taqdim etganidan keyin ko‘rib chiqiladi. Bu 100 gektarning 50 gektardan ziyodi hokimiyat balansida, qolgani o‘rmon xo‘jaligi yerlari. Fermer xo‘jaliklarining yerlari keyingi bosqichlarda nazarda tutilgan, bu investorning qanaqa loyihani taqdim qilishiga qarab.
— Bu aholi punktlarida qancha aholi yashaydi va bu punktlar bo‘yicha rejalar qanaqa?
Jo‘rabek Ahmedov: Dastlabki taqdimotda Boladala va Bog‘iston mahallalari ko‘rsatilgan. Bu mahallalarning birida 1369 ta, ikkinchisida 629 ta aholi yashaydi. Jami 2 mingga yaqin. Hozircha taqdim etilgan birlamchi loyiha bo‘yicha, u yerlarga hech narsa tushmayapti, ish o‘rinlari yaratilyapti. Loyiha bo‘yicha ishlar qolgan bo‘sh yerlarda bo‘lishi nazarda tutilyapti.
Davron Odilov, qurilish vaziri o‘rinbosari: Bu aholi punktlarining kelgusidagi rivojlanishi master-rejaga bog‘liq bo‘ladi. Kelajakda bu aholi punktlaridan qurilish bo‘yicha murojaatlar kelib tushganda, ular qanaqa bo‘lishi kerak, dizayn-kodi, me’moriy qiyofasi, balandligi, zichligi qanaqa bo‘lishi kerakligi master-rejada belgilab beriladi.
Bu aholi punktlarida “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi doirasida qurilish ishlari rejalashtirilmagan. Ular faqat master-rejaga kiritiladi, bundan maqsad – ertaga ular loyihaga me’moriy jihatdan ham, har tomonlama mos holda rivojlanishi kerak. Bu aholi punktlaridagi yer maydonlari aholi ixtiyorida qoladi.
Matbuot anjumanining kengroq tafsilotlari va boshqa savol-javoblar bilan Kun.uz videoreportaji orqali tanishishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Mavzuga oid
17:39 / 27.11.2025
Toshkentda changga qarshi kurash doirasida o‘nlab favvora va sug‘orish tarmog‘i ishga tushirildi
09:56 / 27.11.2025
Daraxt ekish uchun ichimlik suvidan foydalanishga qo‘yilgan cheklov bahor va yozda bekor bo‘ladi
10:00 / 23.11.2025
Changga qarshi safarbarlik va IIBBda in qurgan talonchilar - hafta dayjesti
12:47 / 19.11.2025