O‘zbekiston | 11:36 / 03.03.2023
10061
4 daqiqa o‘qiladi

Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanish o‘g‘irlik deb belgilanmoqda 

2022 yil va joriy yilning o‘tgan davrida elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha 433 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisi bugun o‘z ishini davom ettirmoqda. Senatorlar “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar salmog‘i ortib bormoqda. Xususan, Bosh prokuratura tomonidan 2022 yil va joriy yilning o‘tgan davri yuzasidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha 433 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan. Shuningdek, suv ta’minoti tarmoqlariga 1 624 ta noqonuniy ulanishlar aniqlanib, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslardan 7 mlrd 144 mln so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.

Mazkur qonun ushbu muammolarni bartaraf etish bilan birga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan. Xususan, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etilgan jinoyat holatlari endilikda o‘g‘rilik jinoyati deb baholanishi nazarda tutilyapti.

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga “tijorat maqsadi” tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayyan faoliyatida foyda, daromad olish, naf ko‘rishga qaratilgan maqsad ekani belgilanmoqda.

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi qonun bilan mustahkamlanmoqda”, — deyiladi Senat xabarida.

Senat raisi Tanzila Norboyeva bugungi kunda energiya resurslaridan oqilona foydalanish orqali ularni aholiga yanada ishonchli, barqaror va yetarlicha yetkazib berilishini ta’minlash hamda tizimda turli talon-torojliklarning oldini olishda bunday qonunlarga ehtiyoj katta ekanini ta’kidladi:

Elektr, gaz va vodoprovoddan tijorat maqsadlarida qonunga xilof ravishda foydalanish – o‘g‘irlik deb belgilanmoqda. Sababi oddiy: mazkur ne’matlar xalqimizniki, ya’ni ko‘pchilikning haqi. Shunday ekan ularni talon-toroj qilish, o‘g‘irlash ko‘pning haqiga xiyonat qilish bilan bab-baravar. Demak, javobgarlik ham shunga yarasha qat’iy bo‘ladi.

Kiritilayotgan normalarning mazmun-mohiyatini aholi va ijrochilar o‘rtasida keng tushuntirishga jiddiy e’tibor qilish talab etiladi. Qonunda bu vazifa asosan Bosh prokuratura va Energetika vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Biroq bu masalada parlament va jamoatchilik ta’sirini ham oshirish zarur”.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid