Bir fuqaroga davlat tomonidan yer ajratilib, egalik huquqi berilsa-yu, keyinchalik xuddi shu yer boshqa fuqaroga ajratilsa, yerning dastlabki egasi esa yillar davomida sudma-sud yurib, o‘z huquqini tiklash uchun behuda kuch sarflasa, bu qonunga, qolaversa adolat mezonlariga to‘g‘ri keladimi? Xorazm viloyati Shovot tumanida yuz bergan voqealarni o‘rganish jarayonida shu savollarga javob izlashga to‘g‘ri keldi.

2015 yil 2 may kuni Shovot tumani hokimligi tomonidan O‘tkirbek Nuriddinovga «O‘zbekiston» qishlog‘i hududidan baliq hovuzi tashkil qilish uchun 500 kv.m. ichki zovurdan yer ajratish haqida 658/8-sonli qaror chiqariladi. O‘tkirbekning bobosi Nuriddin aka Yusupov bu yerda baliq yetishtirib, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida yaxshi niyat bilan ish boshlaydi.

«2015 yil may oyida Shovot tumani hokimligi menga eski, tashlandiq zaxkashni ajratib, egalik huquqi haqida qaror chiqarib berdi. «Tashlandiq holda yotibdi, obod qilaman, baliq yetishtiraman», deb o‘zim taklif berganman. Hokimlik bu tashabbusimga peshvoz chiqqan va taklifni qabul qilgandi. Ammo keyinchalik bu ishlar bilan boshimga g‘avg‘o orttirib olishimni xayolimga ham keltirmagandim», - deydi Nuriddin aka.

Nuriddin aka yoz oylarida zaxkashni kavlatib, kengaytirib, chiqindilardan tozalatadi. Baliq chavoqlarini sotib olib, zaxkashga qo‘yib yubordi. Albatta bu ishlar uchun katta miqdorda mablag‘ sarfladi.

Biroq, Shovot tumani hokimligi 2015 yilning 21 sentabr kuni boshqa bir fuqaro Murod Norboyevga xuddi shu joydan 600 kv.m. yer ajratish to‘g‘risida 1557-sonli qarorni chiqargan.

«2016 yili Murod Norboyev kelib, zaxkashni ko‘mib, qurilish ishlarini boshlab yubordi. Bu yer menga tegishli ekanini aytganimda o‘zida ham hokimlik qarori borligini bildirgandi. Shunda menga ajratilgan bu yer Murod Norboyevga ham berilganini bilib, hangu-mang bo‘lib qoldim», - deydi Nuriddin aka.

Shu vaqtdan beri 4 yil o‘tgan bo‘lsa-da, Nuriddin aka qonuniy asosda o‘ziga tegishli bo‘lgan yerda tadbirkorlik qilolmayapti. Uning arz qilmagan joyi, taqillatmagan eshigi qolmagan. Bu vaqt ichida fuqaro M.Norboyev zaxkashning bir qismini ko‘mib, qurilish ishlarini amalga oshirgan. Natijada, baliq hovuziga keladigan suv yo‘li yopilgan va hovuz suvini tozalab turish uchun mavjud bo‘lgan zaxkash ko‘mib yuborilgan. Hovuzning suvi qurib, baliq chavoqlari nobud bo‘lgan.