DXX hamda IIV tuzilmalari tomonidan 5-7 fevral kunlari mamlakat miqyosida «Oriyat» va «Qoradori» keng ko‘lamli tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
7 fevral kuni o‘tkazilgan «Oriyat» keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlari davomida axloq va sog‘liqqa qarshi qaratilgan jinoyatlarni aniqlash, OIV (OITS) va boshqa turdagi yuqumli, teri-tanosil kasalliklari tarqalishining oldini olish maqsadida saunalar, SPA salonlar, massajxonalar, karaoke barlar, mehmonxonalar, xostellar, tungi klublar va boshqa jamoat joylarida hamkorlikdagi tadbirlar olib borildi.
Tadbirlar doirasida 340 ta obekt tekshirilib, aholi salomatligiga xavf solishi mumkin bo‘lgan 2957 nafar shaxslar bilan tushuntirish ishlari olib borildi va mobil tarzda shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, tegishli tibbiy xulosalar olindi.


Aniqlangan holatlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan 93 ta jinoyat ishi doirasida 94 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. 153 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, 1920 nafar shaxs bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi hamda ularning 766 nafari rasmiy ogohlantirildi.
«Qoradori» keng ko‘lamli tadbirlarining ikkinchi bosqichida jami 640 ta maxsus tezkor tadbir doirasida giyohvandlik vositalarini tarqatish, saqlash, iste’mol qilishda gumon qilingan 1401 nafar shaxs bilan tezkor va profilaktik ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirildi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida qariyb 29 kg giyohvandlik vositalari (geroin, opiy, gashish, sintetik turdagi giyohvandlik vositalari) hamda 9421 dona kuchli ta’sir qiluvchi va psixotrop dori vositalarining aholi orasida tarqatilishi to‘xtatildi. 18 ta noqonuniy o‘qotar qurol va 126 dona sovuq qurollar aniqlandi.


Shuningdek, 339 nafar shaxsga nisbatan 269 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 119 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. 53 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. 656 nafar shaxs bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 234 nafari rasmiy ogohlantirildi.










