Jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida bir qator jinoyatlar dekriminalizatsiya qilinmoqda, ayrim harakatlar uchun esa yangi jinoiy javobgarliklar joriy qilinmoqda.
Loyihada quyidagi jinoyatlarni dekriminalizatsiya qilish (jinoyatlar safidan chiqarib tashlash) nazarda tutilmoqda:
- soxta tadbirkorlik (179-modda);
- raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish (183-modda);
- savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish (189-modda);
- qonunga xilof ravishda axborot to‘plash, uni oshkor qilish yoki undan foydalanish (191-modda);
- raqobatchini obro‘sizlantirish (192-modda);
- diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish (216-2-modda);
- jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik (221-modda);
- harbiy yoki muqobil xizmatdan bo‘yin tovlash (225-modda);
- diniy ta'limotdan saboq berish tartibini buzish (229-2-modda);
- diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish (244-3-modda).
Kodeks loyihasida bir qator harakatlar uchun jinoiy javobgarlik joriy etish belgilanmoqda.
Insonda noqonuniy tajriba o‘tkazish
Insonni uning (qonuniy vakilining) yozma roziligisiz obekt sifatida jalb etib yoki boshqacha tartibda noqonuniy ravishda unda dori vositalarining tibbiy sinovini yoki biologik-tibbiy, psixologik yoki boshqacha usulda sog‘liqqa og‘ir ziyon yetkazilishiga sabab bo‘ladigan tajriba yoxud tadqiqot o‘tkazganlik javobgarlik nazarda tutilmoqda.
G‘ayriqonuniy ravishda psixiatriya muassasasiga joylashtirish;
O‘zboshimchalik bilan jazolash;
Ushbu jinoyat muayyan qilmishni sodir etgan yoki sodir etishda gumon qilingan shaxsni o‘zboshimchalik bilan jazolash maqsadida unga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazishda namoyon bo‘ladi.














