O‘zbekiston | 12:18 / 25.01.2022
25862
2 daqiqa o‘qiladi

Energotizimdagi yalpi uzilish: Mutaxassis hakerlar hujumi ehtimolini rad etmadi

Foto: Chris Ratcliffe / Bloomberg

O‘zbekiston energetik kollaps yuzaga kelishi sabablari haqida turli taxminlar bildirilmoqda. Nosozlik bir vaqtning o‘zida uchta davlatni qamrab olgani, bunaqasi oxirgi yillarda deyarli kuzatilmagani voqeada tashqi kuchlar ta’siri bo‘lishi ehtimoli haqida fikrlarga undaydi.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mutaxassis Kun.uz bilan suhbatda hakerlar hujumini ehtimoldan soqit qilib bo‘lmasligini aytdi.

“Hakerlar hujumi ehtimoli bor albatta. Bunday holatlar dunyo amaliyotida bir necha marta uchragan. MDH davlatlaridan Ukraina energota’minoti sektoriga kiberhujumlar bo‘lgani tasdiqlangan. Shuningdek Yevropa davlatlarida va hatto AQShda ham bunday kiberjinoyatlar kuzatilgan, ta’minot bir necha soatga uzilgan va davlatga milliardlab dollar zarar yetkazilgan. Albatta, hakerlar ham anoyi emas, iz qoldirmaslikka harakat qilishadi.

Hakerlarga bundan nima foyda, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aksariyat hakerlar reallikdan uzoqlashgan, o‘z olamida yashaydigan odamlar bo‘lishadi. Ular o‘zlarini ko‘rsatish uchun ham shunday harakatlarga qo‘l urishadi.

O‘zbekistonda bugun kuzatilayotgan holatni hakerlik hujumi deb baholashga hali erta. Buni chuqur o‘rganish lozim va faqat vakolatli organlargina bunday xulosa berishga haqli.

Lekin bir jihat bor – O‘zbekiston energotizimi rivojlangan davlatlar singari to‘liq raqamlashtirilmagan. Bu holat bugungidek vaziyatlarda foyda berishi mumkin, ya’ni kiberhujumlar ehtimoli va samaradorligi past bo‘ladi”, – dedi mutaxassis.

Mavzuga oid