Oʻzbekistonda Yoqilgʻi-energetika sohasida investorlar kengashi tashkil etiladi, deya maʼlum qildi Shavkat Mirziyoyev energetika tarmogʻidagi investorlar bilan ochiq muloqotda.
Energetika loyihalari katta sarmoya va murakkab infratuzilmani talab qiladi. Yer ajratish, tarmoqqa ulanish yoki texnik shart olishdagi birgina kechikish ham butun loyihaga taʼsir qiladi. ACWA, Vision Invest, DataVolt, Voltalia va EDF kabi kompaniyalar bu masalalarni doimiy muloqot orqali hal qilishni taklif etdi.
Buni hisobga olib, prezident Yoqilgʻi-energetika sohasida investorlar kengashini tashkil etishga qaror qilganini taʼkidladi. Kengashga Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi.
«Buni investor bilan prezident oʻrtasidagi masofani qisqartirish uchun qilyapman. Yumshoq qilib aytyapman, sizlar ham buni tushunyapsizlar. Juda katta muammomiz, kamchiliklarimiz, byurokratiyamiz, korrupsiyamiz bor desam, bu ham toʻgʻri gap. Shularning barchasining oldini olish uchun shu chorani qabul qilishga majbur boʻldim», – degan prezident.
Davlat rahbari kengashning asosiy vazifasi – investorlarni eshitish boʻlishi, kengash yer ajratishdan obyekt ishga tushguniga qadar sarmoyadorlar duch keladigan masalalarga tezkor yechim topish bilan shugʻullanishini taʼkidlagan.
Kengash yer ajratishdan obyekt ishga tushguniga qadar sarmoyadorlar duch keladigan masalalarga tezkor yechim topish bilan shugʻullanadi.
«Biz energetikaga iqtisodiyotning shunchaki bir tarmogʻi sifatida qaramayapmiz. Bu – oʻz kelajagimiz va farovonligimizning mustahkam tayanchi. Bizga quruq sarmoya emas, qalban bogʻlangan oʻzaro ishonch va chin sheriklik kerak. Bugungi muloqotimizning bosh mazmuni ham shunda», – dedi prezident.
«Har bir yangi loyiha hududlarimizdagi chinakam oʻzgarish, odamlarimizning oʻz hayoti, oʻz ishi va oʻz taraqqiyoti uchun mustahkam zamin degani. Shu bois, hamkorligimizdagi bosh tamoyil bitta: sizning investitsiyangiz mamlakatimiz taraqqiyotiga qanchalik nur olib kirsa, yurtimizdagi yuksalish sizning oʻz muvaffaqiyatingizga shunchalik keng yoʻl ochadi. Chin maʼnodagi sheriklik bu – oʻzaro ishonch, oʻzaro masʼuliyat va oʻzaro manfaatdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
















