14:53 / 08.01.2024
8636

Xorazmda obodonlashtirish boshqarmasi mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Urganch shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i va boshqalar ehtiyojmand oilalar uchun qurilish materiallari sotib olishda katta miqdorda budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Boshqarma boshlig‘i Raxmat Omonov sud ajrimi bilan lavozimdan chetlashtirilgan.

Foto: Kun.uz

Urganch shahar obodonlashtirish boshqarmasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, davlat budjetga yetkazilgan zarar miqdori qariyb 1 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Tahririyatda mavjud bo‘lgan hujjatlarda ko‘rinishicha, boshqarma mansabdor shaxslari ehtiyojmand aholiga berilishi ko‘zda tutilgan qurilish materiallarini qimmat narxlarda xarid qilgan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 21 fevraldagi “Xorazm viloyatida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Urganch shahridagi ehtiyojmand aholi uchun 5 mlrd 117 mln so‘mlik qurilish materiallari sotib olingan. Ushbu qurilish materiallari tekshirilganida, ular jami 553 mln 673 ming so‘mga qimmat narxlarda xarid qilingani hamda qurilish materiallaridan 159 mln so‘mlik kamomadga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Shuningdek, boshqarma mansabdor shaxslari tomonidan shahardagi “Avesto” majmuasini buzib olishda qurilish materiallari talon-toroj qilingani ham aytilmoqda.

Urganch shahar prokurorining iltimosnomasiga asosan Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudining 2024 yil 8 yanvardagi ajrimi bilan boshqarma boshlig‘i Raxmat Omonov o‘z lavozimidan chetlashtirilgan.

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top