Kun.uz tahririyati davlat idoralari va turli tashkilotlar mutasaddi rahbarlari bilan intervyularni davom ettiradi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida korrupsiya bormi? O‘zbek marmari qachon dunyoga dong taratadi? Tsement importi uchun imtiyozlar bekor qilinishi sababi nimada? Sohada innovatsion jarayonlar va yosh mutaxassislar malakasi talabga javob berishi uchun nimalar qilish kerak? «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqaruv raisi Botir Zaripov bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi suhbat shu va boshqa savollar atrofida bo‘ldi.

Avvalambor, uyushma faoliyati haqida gaplashsak. Bugungi kunda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi nimalar bilan band?

— Ko‘pchilikka ma'lum, so‘nggi 3 yilda respublikamizda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. «Obod qishloq», «Obod mahalla» yoki aholi uchun shinam uy-joylar qurilishi, shaharlarimizning obodonchiligini so‘nggi o‘n yillar bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Aynan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga amaliy yordam berish, duch keladigan muammolarni bartaraf etish, sohaga sarmoyalar, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, korxonalarni modernizatsiya qilish, eksportni ko‘paytirish va importni qisqartirish kabi masalalar bizning asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi.

Sir emas, O‘zbekistonda kapital qurilish sohasi juda ham rivojlanib bormoqda. Bu o‘z-o‘zidan qurilish materiallariga bo‘lgan talabni ham oshiradi. Shu nuqtayi nazardan sohani rivojlantirish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Albatta, sohaning rivojlanishi uchun eng katta omil huquqiy-me'yoriy hujjatlarning qabul qilinishi. Ushbu qarorlar soha rivojiga katta turtki bo‘ldi. Ikkinchi omil mamlakatimizdagi qazilma boyliklar. Respublika hududidagi mingdan ortiq qazilma boyliklarni sanoat usulida qayta ishlab, katta natijalarga erishyapmiz. Uchinchisi, albatta, mehnatkash xalqimiz va tadbirkorlarning tashabbuslari.

Qurilish sohasi rivojlanayotgani bois, ayrim mahsulotlarga talab yuqori bo‘ladi. Misol uchun, sement. Statistikaga ko‘ra, bu yil o‘zimizda bunday zavodlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, xorijdan ko‘p miqdorda sement import qilingan. Importning o‘rnini bosish so‘nggi 15 yilda kun tartibidan tushmagani inobatga olinsa, bu masala qanday hal etilmoqda?