Prezident tabrigida qurilish sohasi Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini belgilaydigan g‘oyat muhim tarmoqqa aylanib borayotganini alohida e’tirof etgan.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda sohani tubdan isloh qilish, uni iqtisodiyotning drayverlaridan biriga aylantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, zamonaviy shaharsozlik va raqamli boshqaruv tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ijobiy natijalar bermoqda.

“Bu haqda so‘z yuritganda, so‘nggi 9 yilda yurtimizda 210 million kvadrat metrdan ziyod bino va inshootlar, jumladan, 647 mingta, o‘tgan yilning o‘zida esa 135 mingta kvartiraga ega bo‘lgan uy-joylar barpo etilganini ta’kidlash lozim. Joriy yilda yana 140 mingta yangi kvartira foydalanishga topshiriladi. 2040-yilgacha mamlakatimizda quriladigan uy-joylar sonini yiliga 280 mingtaga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 61 tadan 120 taga ko‘paytirishni reja qilganmiz.

Bu yil O‘zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Burhoniddin Marg‘inoniy turizm markazi kabi noyob madaniy-ma’rifiy inshootlarda qurilish va obodonlashtirish ishlarini yakuniga yetkazishda fidokor quruvchilarimizning hissasi beqiyos bo‘ldi.

Poytaxtimizdagi Yangi Toshkent, Toshkent viloyatidagi Nurafshon, Andijon viloyatidagi Bobur, Samarqanddagi Shirin, Xorazmdagi Al Xorazmiy shaharlari kabi megaloyihalar mutlaqo yangi muhandislik yechimlari, “yashil” qurilish tamoyillari bilan mamlakatimizning bunyodkorlik tarixida yorqin sahifa ochmoqda.

Hozirgi kunda 3 million 500 mingdan ziyod kishi mehnat qilayotgan qurilish, qurilish materiallari sanoati va ularga yondosh sohalarda g‘oyat muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Keyingi paytda qurilishga ruxsat berish bosqichlari 3 barobar, muddatlari esa 4 karra qisqartirildi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi asosida 24 ta zamonaviy elektron platforma ishga tushirilib, asosiy boshqaruv jarayonlari raqamlashtirildi. Barcha nazorat jarayonlari raqamli formatga o‘tkazildi.

Davlat xaridlari tizimida elektron tender platformasi yo‘lga qo‘yilgani ham shaffoflikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Tarmoqda sun’iy intellekt texnologiyalari faol joriy etilmoqda.

Bularning barchasi sohada inson omilini qisqartirish, korrupsiya bilan bog‘liq xavf-xatarlarni bartaraf etish va qabul qilinayotgan qarorlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani bilan e’tiborlidir.

Bugungi kunda barcha sohalar qatori qurilish borasidagi faoliyatni rivojlantirish, qurilish ishlari sifatini oshirish bo‘yicha ham oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirishda o‘z hayotini el-yurtimizni obod va farovon qilishdek ezgu ishga bag‘ishlab kelayotgan soha xodimlarining bilim va tajribasi, kasb mahoratini oshirish, ularning mehnatini har tomonlama rag‘batlantirish bundan buyon ham diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Sizlar o‘z burchingizni chuqur anglagan holda, xalqimiz uchun xavfsiz, qulay va farovon hayot muhitini yaratishga qaratilgan sharafli faoliyatingizni hamisha yuksak sifat va mas’uliyat bilan ado etasizlar, deb ishonaman.

Barchangizni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, ishlaringizda yangi yutuq va omadlar tilayman”, deyiladi prezident tabrigida.