O‘zbekiston | 13:00 / 04.11.2024
4933
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Chorsu maydoni rekonstruksiya qilinadi

2 noyabr kuni Toshkent shahrida Chorsu maydonini rekonstruksiya qilish bo‘yicha oxirgi loyiha taqdim etildi. Chorsuning yangi qiyofasi Drezdendagi Postplatz maydoni va Berlindagi EDGE Suedkreuz majmuasi kabi rekonstruksiyalarga mualliflik qilgan nemis kompaniyasi Tchoban Voss Architekten tomonidan ishlab chiqilgan.

Foto: Tchoban Voss Architekten

Yangi maydonda qurilish ishlari 2025 yilda boshlanib, 2029 yilda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Loyiha qiymati 170 million AQSh dollaridan oshadi va bu joyda 620 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Qurilish natijasida shaharga 113 ming kvadrat metr turar joy va tijorat ko‘chmas mulki qo‘shiladi.

Rekonstruksiya ishlari doirasida 1982 yilda arxitektor Vladimir Spivak tomonidan qurilgan va hozirda texnik holati yomonlashgan “Chorsu” mehmonxonasi ham buziladi. Mehmonxona 2020 yilda e-auksion orqali BAAdagi Ittihad International Investment LLC kompaniyasiga sotilgan bo‘lib, hozirda ushbu obektni o‘zbek va xorijiy investorlar konsorsiumi tomonidan qayta sotib olish bo‘yicha kelishuv yuritilmoqda.

Mehmonxona binosida 24 yilning oktabr oyida o‘tkazilgan texnik ekspertiza natijalariga ko‘ra, yog‘ingarchilik va atrof-muhit ta’siri natijasida mehmonxona binosining temir-beton konstruksiyalari jiddiy deformatsiyaga uchrab, qisman barbod bo‘lgan. Armaturali o‘zaklar 20 foizgacha maydonini yo‘qotib, korroziyaga uchragan. 14-qavatdan boshlab bino tepasigacha barcha ustunlar hisob talablariga muvofiq emas. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bino rekonstruksiya qilinishi mumkin emas. Shuningdek, bino yaqinda O‘zbekiston madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilmagan va qo‘riqlanadigan maqomga ega emas.

Shunga qaramay, yangi majmuaning asosiy binolari sobiq “Chorsu” mehmonxonasining umumiy shaklida bo‘ladi. Shuningdek, yangi binoning foyesida sobiq mehmonxona tarixiga bag‘ishlangan muzey ochish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid