Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 26 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Chorsu bozorida yong‘in bo‘layotganligi aytilmoqda» sarlavhasi ostida tarqalgan xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 26 yanvar kuni soat 16:04 da Shayxontohur tumani, Beruniy ko‘chasida joylashgan Chorsu bozorida do‘kon yonayotgani haqida xabar kelib tushgan. Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 16:08 da yetib borgan.

Xabarga ko‘ra, yong‘in soat 16:20 da qurshab olingan va soat 16:25 da to‘liq o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.

Qayd etilishicha, yong‘in natijasida do‘kon yerto‘lasining taxminan 15 kv metr qismi yonib zararlangan.