Jahon | 12:27 / 14.07.2023
27637
7 daqiqa o‘qiladi

«Buni barcha OAV yozib chiqdi». Ukrainada okrug qo‘mondoni o‘rinbosari halok bo‘lgani tasdiqlandi

Rossiya mudofaa vazirligi Berdyanskda Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari, general-leytenant Oleg Tsokov halok bo‘lgani to‘g‘risida hafta boshida paydo bo‘lgan ma’lumotni tasdiqlamadi. Lekin Ukrainadagi urushda ishtirok etgan rossiyalik yuqori martabali ofitser o‘limi to‘g‘risidagi ma’lumotni propagandachi «Rossiya» telekanalidagi «60 minut» ko‘rsatuvi efirida 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni, hozirda Davlat dumasi deputati bo‘lgan zaxiradagi general-leytenant Andrey Gurulev tasdiqladi.

Foto: ALEXEI NIKOLSKY/TASS

Rossiya televideniyesidagi propaganda tok-shousida asosiy mavzu NATOning Vilnyusdagi shousi bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, Olga Skabeyeva boshlovchilik qiladigan «60 minut» ko‘rsatuvining navbatdagi efirida Rossiya qo‘shinlari okkupatsiyasi ostidagi Berdyansk shahri Storm Shadow raketalari bilan o‘qqa tutilgani mavzusiga ham to‘xtab o‘tildi. «Mudofaa vazirligidan rasmiy ma’lumot yo‘q. Ammo deyarli barcha OAV allaqachon yozib bo‘ldi...», – deya sharhladi teleboshlovchi.

«Ha, – dedi unga javoban Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Rossiya televideniyesidagi asosiy spikerlardan biriga aylangan general-leytenant Gurulev. – U o‘tgan yilda juda og‘ir yaralangan, uni bazo‘r olib chiqishgan va aslida sog‘ligi holati tufayli u bugun frontga bora olmasdi, uni hisobdan chiqarish mumkin edi. U dedi: yo‘q, yigitlar, men u o‘sha yerda bo‘laman va yana natsistlar bilan jang qilish uchun ketaman. Afsuski, u qahramonlarcha halok bo‘ldi, bu inson katta hurmatga loyiq, qurolli kuchlarda obro‘si juda baland edi va bu haqiqat».

Gurulev shu tariqa nafaqat Oleg Tsokov o‘limi faktini, balki ushbu general 2022 yil sentabrida jiddiy jarohat olgani haqida o‘tgan yil ukrain manbalarida tarqalgan xabarlarni ham tasdiqladi.

Tsokov Berdyanskda halok bo‘lgani to‘g‘risida ilk bor 11 iyul tongida Ukrainaning Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan Mariupol shahri meri maslahatchisi Petro Andryushchenko xabar bergan, uning ortidan bu ma’lumot qator ukrain telegram-kanallarida tarqalgandi.

Tsokovning o‘limi haqidagi dastlabki xabarlar u qadar ishonchli ko‘rinmagandi, chunki u yaqin vaqtgacha rahbarlik qilib kelgan 144-diviziya Luhansk oblastidagi Liman yo‘nalishidagi harbiy harakatlarda ishtirok etmoqda. 2022 yil sentabrida ushbu tuzilma harbiy xizmatchilari Ukraina qurolli kuchlarining Xarkiv oblastidagi qarshi hujumi vaqtida qurshovga tushib qolishiga bir baxya qolgandi, keyingi oylarda esa ularning front chizig‘idagi harakatlari bilan bog‘liq xabarlar faqat Luhansk oblastidan kelgan – bu haqda rossiyaliklarning mashhur «Rybar» telegram-kanali ham, «Informatsionnoye soprotivleniye» guruhidan bo‘lgan ukrainalik harbiy tahlilchi Konstantin Mashovets ham yozgan. Shuningdek, brigada harbiy xizmatchilarining bir qismi Belarusdagi poligonlarda ekani to‘g‘risida ham xabarlar bo‘lgan.

Iyun oyi o‘rtalarida 144-diviziya harbiy xizmatchilari Luhansk oblastining Kreminna shahri yaqinida jiddiy yo‘qotishga uchragan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqalgandi, ularni o‘shanda 20-armiya qo‘mondoni, general Suxrob Axmedovning nutqini tinglash uchun bir joyga to‘plashgandi, ammo general kelishidan oldin ular Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutiladi.

«Voyennyy osvedomitel» telegram-kanali (600 mingdan ortiq obunachisi bor) 11 iyul kuni Tsokovning o‘limi haqida xabar berib, shunday aniqlik kiritdi: «Britaniyaning Storm Shadow qanotli raketalari bilan 58-armiyaning Berdyansk hududidagi ichki qo‘mondonlik punktiga zarba berilishi oqibatida Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari general-leytenant Oleg Tsokov halok bo‘ldi».

Tsokov Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgani to‘g‘risida Rossiya mudofaa vazirligi xabar bermagandi. Ammo harbiy harakatlar sharoitida vazirlik Rossiya armiyasi rahbarlik tarkibidagi o‘zgarishlar haqida yoki umuman xabar bermaydi yoki bu haqda ancha keyinroq, hisobot matnlari orasida xabar qilinadi. Endi ayon bo‘lishicha, Tsokov chindan ham ko‘tarilgan va shu tufayli Luhansk oblastida emas, Berdyanskda ishlayotgandi.

11 iyul kuni ertalab mahalliy manbalar Berdyansk bo‘ylab davomli raketa zarbalari yo‘llanganini xabar qilgandi. Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, zarbalardan biri Berdyansk shahrining Tenistyy bulvar, 22 manzilida joylashgan «Dyuna» mehmonxonasiga kelib tushgan. Aftidan, 58-armiyaning qo‘mondonlik punkti aynan shu yerda joylashgandi.

Ayni vaqtda Tsokov – harbiy harakatlar hududida halok bo‘lgan eng yuqori lavozimli rossiyalik harbiyga aylandi. 2022 yil iyunida Luhansk oblastida halok bo‘lgan 1-armiya korpusi qo‘mondoni Roman Kutuzovga general-leytenant darajasi va «Rossiya Qahramoni» yulduzi o‘limidan keyin berilgan.

2022 yil mayida esa Popasnaya yaqinida zaxiradagi general-mayor Kanamat Botashev boshqaruvida bo‘lgan Su-25 samolyoti urib tushirilgandi. Botashev «Vagner» XHK yollanma jangchisi sifatida harbiy harakatlarda ishtirok etayotgandi.

Ukraina tomoni bosqin boshlanganidan buyon o‘ndan ortiq rossiyalik generallar o‘limi haqida xabar bergan, ammo bu xabarlarning ko‘p qismi yoki rasman tasdiqlanmagan yoki ko‘ngillilar halok bo‘lgani aytilgan harbiy boshliqlarning qabrlarini topa olishmagan.

Shu bilan birga, Rossiya mudofaa vazirligi uchun o‘z yo‘qotishlari borasida sukut saqlash, garchi gap general maqomidagi yuqori martabali ofitserlar haqida borsa ham, odatiy amaliyotdir. Xususan, 13 iyun kuni okkupatsiya hukumati rasmiysi Vladimir Rogov o‘z telegram-kanalida 35-armiya shtabi boshlig‘i, general-mayor Sergey Goryachevning o‘limi haqida xabar bergandi.

Sergey Shoyguning vazirligi esa Goryachevning o‘limi haqidagi xabar yuzasidan hech qanday izoh bermadi va uning o‘limi faktini tasdiqlamadi. 20 iyun kuni Peterburgdagi «Fontanka» nashri Liteyniy prospektidagi Ofitserlar uyida Goryachev bilan vidolashuv marosimi hamda uning Peterburgdagi Smolensk qabristonidagi qabri fotosuratini namoyish etdi.

General-leytenant Tsokov ikki chechen urushida qatnashgan, Rossiyaning Suriyadagi amaliyotlarida ham ishtirok etgandi.

Mavzuga oid