O‘zbekiston | 14:33 / 14.07.2020
18466
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi karantinga yopildi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi binosi karantinga yopildi. Kun.uz’ning tashkilotdagi manbasiga ko‘ra, Markaziy kengashda ishlovchi o‘nga yaqin xodimlarda koronavirus bilan zararlanish holati qayd etilgan.

«Kecha bu haqda xabarlar tarqalgandan keyin binomiz karantinga to‘liq yopildi. Afsuski, kasallik bilan zararlanish holati juda ko‘payib bormoqda. Men bilganlarim o‘nga yaqin xodimlar», – dedi ismi sir qolish sharti bilan gapirgan manba.

Kun.uz muxbiri xabarga oydinlik kiritish maqsadida tashkilot matbuot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, virus yuqtirganligi rasman tasdiqlangan xodimlar soni bunchalik ko‘p emas.

«Koronavirusga test topshirgan va rasman tasdiqlangan xodimlar ikki nafar. Buni ularning o‘zi ham tasdiqladi. Qolgan holatlar rasman tasdiqlanmasa biror nima deyolmayman. Shu narsa aniq bo‘lmay turib kasallanganlar ko‘p deyishim xato bo‘ladi. 

Aslida Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi 10 iyuldan boshlab onlayn tarzda ishlashga o‘tgandi. Faqat sanoqli xodimlar zarurat tufayli kelib ishlayotgandi. Xabarlar tasdiqlangach kechadan boshlab tashkilot binosi karantinga to‘liq yopildi», – dedi Abduqodirov.

Matbuot xizmati rahbarining qo‘shimcha qilishicha, virus bilan zararlangan xodimlardan biri tashikilot binosiga kelib, yana biri esa onlayn tarzda ishlayotgan bo‘lgan.

Bugun shuningdek, yangi tashkil qilingan Yoshlar ishlari agentligi raisi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova instagram sahifasi orqali o‘zida COVID-19 alomatlari sezilayotganini ma'lum qildi.

«Bugun o‘zimda va yaqinlarimda uning alomatlarini kuzatyapman, tanishlarim ham kasallanishdi.
 
Ko‘cha-ko‘yda karantin qoidalariga beparvo odamlar hali ham ko‘p ekanini ko‘rib xavotirga tushdim.

Eng yomoni ko‘pchilikda kasallik alomatlarsiz kechyapti. Iltimos, o‘zingizni va yaqinlaringizni asrang, niqobsiz yurmang, ijtimoiy masofa saqlang. Karantin qoidalariga rioya qiling», – deb yozdi u.

Mavzuga oid