«Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojinning axborot xizmati e’lon qilgan videoda jangchilari guruh mashinalaridan biriga o‘t ochgan Rossiya armiyasi podpolkovnigi qo‘lga olingani aytiladi. Uch hafta avval sodir bo‘lgan holat haqida «Vagner» negadir endi axborot berishga qaror qilgan.

«Shaxsiy adovat sabab»

«Men 72-brigada komandiri podpolkovnik Roman Gennadevich Venivitin mast holatda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga tegishli mashinaga o‘q uzdim», degan u Prigojinning axborot xizmati e’lon qilgan videoda. Qandaydir yerto‘lada suratga olingan videoda ushbu harbiy o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Yuzidan video yozib olinishidan avval uni do‘pposlashganini taxmin qilish mumkin.

Podpolkovnik mashinaga shaxsiy adovat sabab o‘q uzganini aytgan, ammo bu adovat qanday paydo bo‘lganiga oydinlik kiritmagan. U go‘yoki o‘ziga bo‘ysunuvchi harbiylar bilan bir guruh yollanma askarlarni qurolsizlantirgan. «Men aybdorman», degan video oxirida Venivitin.

Yana 72-brigada

Yevgeniy Prigojin va qo‘lga olingan podpolkovnik Venivitin boshqaradigan 72-brigada o‘rtasida oxirgi bir oy davomida bir necha marta kelishmovchilik yuzaga keldi. May oyi oxirida Prigojin yuzlab odamlarini boy berib egallangan strategik platsdarmdan qochib ketganini iddao qilgan brigada ham aynan mana shu 72-brigada edi. Keyinroq Prigojin harbiylar «Vagner»ning Baxmutdan chiqadigan yo‘llarini minalashtirganini aytib chiqdi. Rossiya mudofaa vazirligi esa doimgidek Prigojinning bayonotlariga munosabat bildirmadi.

Prigojinning kanalida e’lon qilingan raportga ko‘ra, podpolkovnik Venivitinni asir olish bilan tugagan mojaro 17 may kuni sodir bo‘lgan. Unda yozilishicha, «Vagner» yollanma jangchilari Opitnoye va Ozaryanovka aholi yashash punktlaridagi yo‘llarni minalashtirayotgan harbiylarni payqab qolgan. vagnerchilar Semigoryan rayonida yo‘llarni minalardan tozalayotgan bir vaqtda esa ularga qarata harbiylar o‘q uzgan. Oqibatda Ural mashinasi ishdan chiqarilgan. «Shundan keyin javob choralari va agressiyani bartaraf etish choralari ko‘rildi», deyiladi Prigojin axborot xizmati e’lon qilgan xabarda.

Unda aytilishicha, qo‘lga olinganlar ichida alkogol ichimlik ta’sirida bo‘lgan podpolkovnik Venivitin ham bo‘lgan.

«Vagner» jangchilari Venevitinni 17 may kuni ushlashgan, ammo u uzr so‘ragani aks etgan video 4 iyun kuniga kelib Yevgeniy Prigojinning telegram kanalida joylashtirildi