Qo‘qon davlat pedagogika instituti yotoqxonasida yashovchi talaba qizlar xonasiga yashirin kamera o‘rnatilganini sezib qolishadi. Bu ish fosh bo‘lib, tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarilgach prorektor ishdan ketdi. Ammo bu ish nima maqsadda qilingani va nima sababdan xonada yashovchi qizlardan yashirilgani mavhumligicha qolmoqda. Kun.uz muxbiri institutda bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Kun.uz’da e’lon qilingan maqoladan keyin Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov hamda mas’ul idora xodimlari talabalar bilan suhbat o‘tkazishib, holat sinchkovlik bilan o‘rganilishiga va’da berilgan.

Foto: Kun.uz

Qizlar yotoqxonasiga yashirin kamera o‘rnatish kimga va nima uchun kerak bo‘lib qoldi? QDPI bergan bayonotda rektorning buyrug‘i asosida talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash uchun maxsus xona tashkil qilinayotgani va shu munosabat bilan kamera o‘rnatilgani ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Talaba qizlarning fikricha, bu bayonot shov-shuvli maqola ortidan mushkul vaziyatdan chiqib ketish uchun institut ma’muriyati tomonidan tezkorlik bilan o‘ylab topilgan “choradan” boshqa narsa emas.

Xonasiga yashirin kamera o‘rnatilgan talabaning ta’kidlashicha, mas’ullarning harakati boshidanoq shubha uyg‘otgan. Kamera o‘rnatilish jarayonida talaba qizlar xonadan tashqariga chiqib turishlari so‘ralgan. O‘rnatilgan uskuna yashirin kamera ekani fosh bo‘lgach yotoqxonaning 1-qavatidagi prorektor Oybek Bozorov xonasidagi barcha jihoz va kerakli ma’lumotlar shubhali tarzda noma’lum tomonga tezkorlik bilan olib chiqib ketilgan.