Kun.uz muxbiri qishloqqa borib holatni o‘rganganda haqiqatan ham bu manzilda adog‘i yo‘q muammolar borligi ma’lum bo‘ldi. Aholi hali-hanuz turmush tarzi ijobiy tomonga o‘zgarishini orzu qilib yashayotganiga amin bo‘ldik.

Dang‘ara tumani tarkibiga kiruvchi Orol qishlog‘i Farg‘ona va Namangan viloyatining o‘rtasida joylashgan ekan.

Qishloqqa kiraverishda idishlarga suv tashiyotgan yoshlar ko‘zga tashlandi. Bizni qishloqning sodda odamlari qarshi olib, rejada bor-u, biroq yillar davomida «qog‘oz»da qolib ketayotgan bunyodkorlik ishlari haqida kuyunib so‘zlab berishdi.

Mahalla faollaridan biri Nazirali Rustamov rahbarlar qishloqdagi mavjud muammolarni o‘rganish uchun ko‘p bora kelishgani, biroq hech qachon natija bo‘lmagani haqida gapirib berdi.

Nazirali Rustamov

«Bu qishloqni o‘zlashtirish uchun boshida 6 ta xo‘jalik ko‘chib kelgan edik. O‘shandan buyon qo‘shni qishloqdan suv tashib ichamiz. To‘g‘ri, qishloq kolxoz davrida ichimlik suvi bilan ta’minlangan. O‘sha vaqtda texnika yordamida suv tashib olib kelib turishgan. Keyin esa o‘zimiz suv tashib olib keladigan bo‘ldik. Oilada kimning qo‘li bo‘sh bo‘lsa suv tashishga tushishadi. Muammolarimizni aytib, ko‘p joylarga chiqdik. Tuman rahbarlariga chiqqanmiz, televideniyedan kelishib muammolarimizni o‘rganib ketishgan. Muammolarni ko‘tarib, televizorda ham chiqish qilganmiz. Lekin hech narsa o‘zgarmadi. Va’dani berishadi-da, natija yo‘q.

Yo‘llarimiz ham juda yomon. «Svet» uzilishlari ko‘p bo‘ladi. Stolbalarimiz chatoq. Teraklardan qo‘lbola stolba yasab, ko‘pchilik o‘rtada hashar yo‘li bilan qilingan.

Qishloqqa 1971 yilda ko‘chib kelganman. Hozirda aholi ko‘payib, 60 ta xo‘jalikka borib qoldi. Bu muammolar bir yoqda tursin gazni gapirmasa ham bo‘laveradi.