O‘zbekiston | 10:02 / 25.07.2021
48760
3 daqiqa o‘qiladi

1 yanvardan boshlab yigirmaga yaqin hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi

O‘zbekistonda 2022 yil 1 yanvardan boshlab aholidan ma'lumoti to‘g‘risidagi diplom, o‘zini o‘zi band qilgani haqida ma'lumotnoma, kam ta'minlangan oiladan ekanini isbotlovchi hujjat, «Yoshlar daftari» yoki «Ayollar daftari»da ro‘yxatda turishi kabi yigirmaga yaqin ma'lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi.

Foto: Fotolia

Shavkat Mirziyoyev tomonidan 24 iyul kuni imzolangan «Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan, tadbirkorlik sub'yektlaridan quyidagi ma'lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi:

a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi ma'lumotlarni:

– tadbirkorlik sub'yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma ma'lumotlarini;

– litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilingani to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligi bo‘yicha ma'lumotlarni;

– davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langani to‘g‘risida ma'lumotlarni;

– qimmatli qog‘ozlar, qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar, dividendlar olingani to‘g‘risidagi ma'lumotlarni;

– kam ta'minlangan oila yoki oila a'zosi sifatida ro‘yxatga olingani to‘g‘risida ma'lumotlarni;

– jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan va olingan alimentlar to‘g‘risida ma'lumotlarni;

– oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom ma'lumotlarini;

– jismoniy shaxs o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini tugatgani haqida ma'lumotlarni;

– jismoniy shaxs umumiy o‘rta ta'lim (11-sinf negizida) muassasasini tugatgani haqida ma'lumotlarni;

– fuqaro «Yoshlar daftari» yoki «Ayollar daftari»da mavjudligi to‘g‘risida ma'lumotlarni;

– o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma'lumotlarni;

– oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma'lumotlarni;

b) quyidagi hujjatlarni:

– moliyaviy hisobotlar nusxalarini;

– jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi ma'lumotnomalarni;

– ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to‘langani to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni.

Farmonda qayd etilishicha, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va ma'lumotlarni ushbu Farmonga 4-ilovada belgilangan mas'ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.

Mavzuga oid