Jamiyat | 12:27 / 15.04.2021
6557
3 daqiqa o‘qiladi

To‘raqo‘rg‘ondagi sport maktabining chala qolgan ishlari qachon bitadi?

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Yoshlik» o‘yingohi 1979 yilda qurilgan. Uning hozirgi ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi.

Bir paytlar ushbu stadionda To‘raqo‘rg‘onning «Baxt» futbol jamoasi o‘ynagan. Klub O‘zbekiston chempionati birinchi ligasida o‘ynab, 3-o‘rinni egallagan. Lekin mablag‘ yetishmovchiligi sababli bu jamoa tarqalib ketgan.

Shundan so‘ng bu yerda bolalar va o‘smirlar futbol maktabi tashkil qilingan va 4ta maxsus futbol sinfi ochilgan. Bu maktab o‘zbek futboli uchun yetuk o‘yinchilarni tarbiyalab bergan. Qisqa qilib aytganda, To‘raqo‘rg‘on tumani o‘z vaqtida O‘zbekistonning «Kichik Braziliyasi» deya e'tirof etilgan.

To‘raqo‘rg‘on bolalar va o‘smirlar sport maktabi rahbari Xolmatjon Karimovning aytishicha, Namanganning «Navbahor» futbol klubi shu o‘yingohda mashg‘ulotlar o‘tkazib turgan. Mazkur dargoh «Navbahor» jamoasi o‘yinchilari uchun ikkinchi baza sifatida faoliyatini davom ettirishi rejalangan edi va 2018 yilda esa «navbahorchilar» uchun mashg‘ulot o‘tkazishga moslash maqsadida binodagi faoliyat yuritib turgan va yaroqli holatda bo‘lgan kiyim almashtirish xonasi, oshxona, dush va saunalar buzib yuborilgan. Lekin uch yil o‘tsa hamki, qayta ta'mirlash ishlari boshlanmayapti.

«Bolalar 2–3 yildan buyon tashqarida kiyim almashtirishga majbur bo‘lyapti. Qish kunlarida esa ilojsiz xonalarda kiyinishadi. Lekin qishda xonalar ham sovuq, chunki buzilish jarayonida gaz ham uzib ketilgan. Bino zamonaviy ko‘rinishga keltirilishi va bu yerda qaytadan yana yoshlar maxsus sinflari tashkil etilishini istardik», — deydi murabbiy Odiljon Sotiboldiyev.

Ushbu masala bo‘yicha maktab ma'muriyati tegishli joylarga bir necha bor murojaat qilgan, lekin natijasidan darak yo‘q.

Biz ham daxldor tashkilotlardan izoh olishga urindik, lekin murojaat bo‘yicha aniq munosabat bildiradigan mas'ullar topilmadi.

O‘ylaymizki, yurtimizda sportni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga katta e'tibor qaratilayotgan bir paytda ushbu masala namanganlik mutasaddilarni befarq qoldirmaydi.

Yulduz Yuldasheva, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi: Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid