Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Murod Qurbonov «UzAuto Motors» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Malibu-2 rusumli mashinani 311 million 124 ming 67 so‘mga sotib olish bo‘yicha shartnomani 11 dekabr kuni imzolagan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Vazirlik yangi avtomobil xarididan ko‘zlangan maqsad shartnomada ochiqlanmagan.
Murod Qurbonov vazirlikda egallab turgan lavozimiga 9 noyabr kuni kirishgani haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, Qurilish vazirligi ikkita Malibu-2 xarid qilishga rozilik olib, 16 dekabr kuni avtomobillarni 324 million 450 ming so‘mdan xarid qilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi apparati Xo‘jalik faoliyati boshqarmasi Avtoxo‘jaligi 27 noyabr kuni Malibu-2 sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Ma'lumot uchun, 12 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan qariyb 883 mln so‘mga Toyota Prado avtomobili sotib olingan. Namangan viloyat hokimligi 2 iyulda 1 mlrd 579 mln so‘mga Touota LC 200 avtomobilini, 23 sentyabrda 398 mln so‘mga Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobilni sotib olgan.
Pop va Uchqo‘rg‘on tuman hokimliklari tomonidan 9 va 13 oktyabr kunlari Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobillar sotib olingan.















