«Arsenal»ning sobiq ustozi Arsen Venger «Bavariya» bosh murabbiyi Niko Kovach o‘rnida ish boshlashi haqidagi ma'lumot tasdiqlanmadi. Bu masalaga bugun Myunxen klubi rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida to‘la oydinlik kiritilgan.

Goal xabariga ko‘ra, matbuot uchun tashkil etilgan 19 oktabr kungi tadbirda «Bavariya» prezidenti Uli Hyoness, klub boshqaruvi raisi Karl-Haynts Rummenigge va sport direktori Hasan Salihamijich qatnashgan. Bu uchala rahbar so‘nggi marta Yupp Haynkes bosh murabbiy etib tayinlanishi e'lon qilinganida OAV qarshisida birgalikda ko‘rinish bergandi.

«Meni jamoatchilik oldida Niko Kovachni qo‘llab-quvvatlamaslikda ayblashdi. Shuning uchun men nimadir gapirishim kerak ekan, lekin nega? Biz uning mehnatini qadrlaymiz. Hammaning oldida bir-birimizni qo‘llashimiz shart emas», - deya ta'kidlab o‘tdi Hyoness.

«Niko biz uni qo‘llab-quvvatlashimizni biladi. Matbuotda bo‘layotgan gap-so‘zlarga aql bovar qilmaydi», - deya fikr bildirgan Salihamijich.

«Bugun «Bavariya» uchun muhim kun, shuning uchun biz faktlarning vijdonsizlarcha yolg‘onga aylantirilishi yana davom etishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bugundan boshlab o‘z futbolchilarimiz, murabbiylarimiz va butun klubni himoya qilamiz», - degan o‘z navbatida Karl-Haynts Rummenigge.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan Niko Kovachning o‘zi ham mazkur holatga munosabat bildirib o‘tgan.

«Fakt shuki, natijalar – adolatsiz. Oxirgi to‘rtta uchrashuvda yaratgan vaziyatlarimiz soni dastlabki o‘yinlarimizda bo‘lganidan kam emasdi. Muammo – biz ularni amalga oshira olmaganimizda. Yomon o‘yinlar bo‘lgani yo‘q, faqat to‘p darvozaga kirmadi. Biz hamma narsani o‘zgartirib, barchasiga shubha bilan qaramaymiz. Bizga faqat biroz omad kerak bo‘lyapti, xolos.

Jamoaning kayfiyati a'lo, biz o‘z ishimizga pozitiv ruhiyatda yondashishni istayapmiz. Ichimizda futbolga nisbatan ehtiros olovi bor.