Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot tarixida ilk bor o‘zbek shifokorlari tomonidan siam egizaklari o‘ta noyob operatsiya natijasida ajratib olingani haqida xabar berdi.
«Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markazi yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda murakkab amaliyotlar o‘tkazish borasida noyob muassasadir.
Buni qo‘shni davlatlardan kelayotgan bemorlar oqimidan ham bilish mumkin.
O‘zbekistonlik yaqinlaridan ushbu shifoxona haqida eshitgan qirg‘izistonlik egizaklarning ota-onasi bu yerga o‘tgan yil iyun oyida murojaat qilgan», deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 31 mayda dunyoga kelgan chaqaloqlar siam egizaklari bo‘lib, ulardagi bu noodatiy holat homila 28 haftaligida aniqlangan va bo‘lajak ona O‘sh shahridan Bishkek shahriga yuborilgan. 29-haftada tug‘uruq jarayoni «kesarcha» usulida amalga oshirilgan. Dunyoga kelganida umumiy vazni 1 600 gramm bo‘lgan chaqaloqlarga Fotima va Zuhra deb ism qo‘yishgan.

Qanday holatlarda siam egizaklari dunyoga kelishi mumkin?
Siam egizaklari tanasining ma’lum bir qismi birlashgan holda tug‘iladi. Ularning ichki organlari ham birlashgan bo‘lishi mumkin. Tanasi tutash chaqaloqlarni vaqti kelib jarrohlik yo‘li bilan ajratish mumkin, biroq umumiy ichki a’zolarga ega egizaklarni tanasidan ajratish deyarli imkonsiz.
Odatda, siam egizaklari 200 ming holatda bir marta uchrashi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning aksariyati o‘lik holatda dunyoga keladi. Tirik tug‘ilganlarining 5 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan qismi uzoq umr ko‘rish baxtidan benasib bo‘ladi.

Jajji Fotima va Zuhra tanasining qorin qismi, aniqrog‘i, jigari bilan birlashgan edi. Bitta ichki a’zolarga ega egizaklarni ajratish esa o‘ta murakkab va xavfli operatsiya edi. Ular yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, ya’ni opa-singillarning farzandlaridan dunyoga kelgan.
Tug‘uruqdan 10 kun o‘tgach, ota-onaga bolalarning yashab qolish imkoni umuman yo‘qligi aytilib, uyiga ruxsat berilgan. Ammo farzandlarining yashab ketishidan umid uzmagan ota-ona oradan bir oy o‘tgach, O‘zbekistondagi
















