07:13 / 29.08.2020
15063

O‘zbekiston hukumati Turkiya bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash bo‘yicha qaror qabul qildi (batafsil)

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida keng qamrovli sheriklikni yanada rivojlantirish, ilgari oliy darajada qabul qilingan kelishuv va bitimlarning o‘z vaqtida va so‘zsiz amalga oshirilishini ta'minlash mo‘ljallanmoqda.

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradigan aniq va salmoqli natijalarga erishishga qaratilgan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi kelishuvlarni o‘z vaqtida amaliy ijro etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Turkiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi.

Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilandi:

Dasturning bajarilishini tahlil qilish hamda undagi tadbirlar va loyihalarning ijrosida amaliy yordam ko‘rsatish;

Dasturga kiritilgan tadbirlar va loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida mas'ul ijrochilar — vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

har oyda mas'ul ijrochilar rahbarlarining Dasturda ularga yuklatilgan vazifalar ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitish;

ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan tezkor choralar ko‘rish va aniq takliflar ishlab chiqish.

Muvofiqlashtiruvchi kengash (Umurzoqov) har oyda — har kalendar oyining o‘ninchi sanasiga qadar mas'ul vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan qabul qilinayotgan choralarning natijadorligini ko‘rsatgan holda Dasturning amalga oshirilishi to‘g‘risidagi tanqidiy tahlilni O‘zbekiston prezidentiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida vazirlikning tasdiqlangan umumiy shtat birliklari doirasida Loyiha ofisi tashkil etilsin va uning asosiy vazifasi etib mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor tarmoqlarini isloh qilish, yangi yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha strategiyalarni ishlab chiqish uchun jalb qilinadigan turk ekspertlari bilan tizimli ishlashni tashkil etish, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ilgari surish belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Turkiyaning quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ilg‘or tajribasi va innovatsion yondashuvlarini joriy etish masalalari bo‘yicha investitsiyalar va tashqi savdo vazirining maslahatchisi sifatida ishlashi uchun turk ekspertlarini jalb qiladi:

jadal sanoatlashtirish va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish strategiyasi va hududlarni kompleks rivojlantirish siyosatini ishlab chiqish, ishlab chiqarishning xalqaro sifat standartlarini joriy etish;

«yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish va investitsiya muhitini takomillashtirish;

maxsus iqtisodiy zonalarning samarali faoliyatini tashkil etish;

ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyalarini yanada rivojlantirish.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha Turkiya Respublikasi Hukumatining texnik ko‘magini kengaytirish va yetakchi turk ekspertlarini jalb qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi:

sog‘liqni saqlash infratuzilmasi obektlarini boshqarish sohasidagi salohiyatni oshirish;

seysmologiya sohasidagi institutsional va normativ-huquqiy bazani mustahkamlash, zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etish, shuningdek, baland binolar, gidrotexnik inshootlar, ko‘priklar va boshqa infratuzilma obektlarini qurish va ulardan foydalanishda seysmik xavfsizlikni ta'minlash masalalarida respublikamizning ilmiy salohiyatini rivojlantirish;

yo‘llar va yo‘l bo‘yi infratuzilmasini qurish hamda ulardan samarali foydalanish sohasida xalqaro standartlarni joriy etishga ko‘maklashish;

«elektron hukumat» sohasida Turkiya Respublikasining eng yaxshi yechimlari va texnologiyalarini joriy etish orqali ushbu tarmoqdagi salohiyatni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy Majlis Senati, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha institutsional hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlaydi:

parlamentarizmni rivojlantirish sohasida hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashish;

diniy sohadagi siyosat, mamlakatni rivojlantirishning dunyoviy tamoyillarini ilgari surish, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

Samarqand viloyat hokimligi bilan birgalikda 2020 yil yakuniga qadar Samarqand shahrida Turkiya Respublikasining Bosh konsulxonasini ochishda amaliy yordam ko‘rsatadi;

Turkiya Respublikasining Antaliya, Adana va Bursa shaharlarida O‘zbekiston Respublikasining faxriy konsullari tayinlanishi masalasini ko‘rib chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi turk investorlarining masalalarini tezkorlik bilan hal qilish va loyihalarning amalga oshirilishini jadallashtirish maqsadida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Turkiya kompaniyalari vakillari bilan O‘zbekiston Respublikasining vazirlik va idoralar rahbarlari o‘rtasida doimiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun platforma yaratadi.

Mas'ul ijrochilar — vazirlik va idoralar rahbarlari:

tasdiqlangan Dasturga kiritilgan loyihalar va tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlashga shaxsan javobgar ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan;

har oyda — hisobot oyidan keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga Dastur ijrosi bo‘yicha axborot taqdim etadi.

Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.O‘. Umurzoqovga — mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish, O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflarni sifatli ishlab chiqishni ta'minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayevga — sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar sohalarda turk tomoni bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari L.Sh. Qudratovga — savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturlari va loyihalarini o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish bo‘yicha vazirlik va idoralarning ishini hamda turk kompaniyalari bilan sermahsul hamkorligini samarali muvofiqlashtirishni ta'minlash yuklandi.

Mavzuga oid
Top