Fevral oyi boshidan beri Moskvaning Kosino-Uxtomskiy rayoni aholisi o‘z hududida masjid qurilishiga qarshi ko‘chalarda namoyishlar o‘tkazdi.

Change.org veb-saytida Svyatoye ko‘li hududida 60 ming kishiga mo‘ljallangan masjid qurish rejalashtirilgani, bu joy «Rossiya va Moskvaning diniy va tarixiy ziyoratgohi» ekani haqida petitsiya paydo bo‘ldi. Material e’lon qilinganidan so‘ng, masjid qurilishiga qarshi bo‘lgan 27 mingdan ortiq kishi petitsiyani imzoladi.

18 mart kuni «Ostorojno, Moskva» telegram-kanali ushbu hududda «diniy ma’naviy-ma’rifiy markaz» qurish uchun deyarli 10 gektar yer ijaraga berilgani haqida yozdi.

Moskva shahar dumasi deputati Yevgeniy Stupinning ta’kidlashicha, aholi qurilish uchun «juda katta hudud» ajratilganidan va rasmiylar «masjid qurish rejalarini rad etmayotgani yoki tasdiqlamayotgani»dan xavotirda ekanini aytdi. Aholining jurnalistlarga ma’lum qilishicha, ular masjid qurilishi haqida cherkovda yoki tanishlardan bilib olgan.

12 mart kuni Svyatoye ko‘li hududida o‘nlab kishilar masjid qurilishiga qarshi namoyish va nasroniylar diniy marosimini o‘tkazdi. Bir hafta oldin esa odamlar plakat va ikonalar bilan xoch yurishini o‘tkazishgan edi. Xabar berilishicha, shundan so‘ng politsiya aksiyaning ayrim ishtirokchilarini noqonuniy ommaviy aksiyani uyushtirganlik, shuningdek, millatlararo adovat qo‘zg‘atganlik uchun jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirgan.

«Ostorojno, novosti» telegram-kanali bir kishi qurilish maydonchasida cho‘chqaning boshini ko‘mib tashlagani tasvirlangan videoni taqdim qildi. Bir necha kundan keyin u hibsga olingan. Boshqa tafsilotlar haqida xabar berilmagan.

Foto: T.ME/KOZHUHOVOPHOTO

Kojuxovodagi cherkovi rohibi Aleksiy Mityushin cherkovda pravoslavlar ikonasi borligi va odamlar uni ziyorat qilish uchun kelishi, so‘ngra ko‘lda cho‘milishi haqida gapirdi.

«Cho‘milish kiyimidagi ayollar musulmonlar uchun nomaqbul voqea. Mahalliy aholi mojaro va to‘qnashuvlar yuz berishi mumkinligidan xavotirda. Bunday yirik islomiy majmuaning pravoslav ziyoratgohi yonida qurilishi odamlarni xavotirga solmoqda», dedi u.

19 mart kuni rayonda yashovchi 500 ga yaqin kishi ibodatxona yaqinida yana bir yig‘in o‘tkazdi. «Biz tinch joyga ko‘chib kelganmiz, masjid esa tinchligimizni buzishi mumkin. Hudud «islom markazi»ga aylanadi. Biz qarshi emasmiz, lekin bu qirg‘oqda emas, balki hududga mutanosib, ichkariroqda qurilaversin», dedi aksiya ishtirokchilaridan biri.