20:39 / 24.02.2023
15239

Rossiyada asli o‘zbekistonlik erkak politsiyachiga qarata o‘q uzdi 

Rossiya gvardiyasi xodimi Sankt-Peterburg markazida shubhali shaxsni qo‘lga olishga uringanida og‘ir yaralandi. 

Foto: Fontanka.ru

«Rosgvardiya» xodimi Sankt-Peterburgda qurolli hujumga uchradi. U shahar markazida shubhali shaxsni to‘xtatmoqchi bo‘lganida og‘ir jarohat oldi, deb yozdi «Fontanka» nashriga tayanib Meduza. 

Mojaro 24 fevral kuni, Nevskiy prospektidagi «Gostiniy dvor» metro bekatiga kiraverishda mahalliy vaqt bilan soat 11:50 da yuz bergan. Hujum qilgan shaxs miltiqdan sochma o‘q uzgan. 

O‘t ochgan kishi Tigran Xachikyan, 50 yoshli, asli o‘zbekistonlik ekani, ikkita qurol, patron, ikkita molotov kokteyli va musiqiy kolonka bilan Sankt-Peterburg markaziga borgani va OMON mashinasiga qarata molotov kokteylini otmoqchi bo‘lgani aytilmoqda. 

Ushbu shaxs metroga kiraverishda kolonkada «Muqaddas urush» qo‘shig‘ini qo‘ygan va miltiqni qo‘liga olgan. Milliy gvardiya xodimi uning yoniga kelganida u: «Yo‘qol!» deb baqirgan va otishni boshlagan. Videokuzatuv kamerasi tasviriga ko‘ra, ikkita o‘q uzilgan. Shundan so‘ng, yaqin atrofdagi politsiya xodimlari yetib kelib, uni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan. 

Jarohatlangan politsiyachi Mariinskiy shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan, uning ahvoli o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. 

Xabarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs so‘roq paytida «namoyishlar o‘tkazish taqiqlangani», shuningdek, «talon-toroj qilinayotgan xalq va taqiqlangan mitinglar» sababli shu ishga qo‘l urganini tan olgan. 

Tergov qo‘mitasi huquq-tartibot organi xodimining hayotiga tajovuz qilish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘agan. 

Avvalroq, O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘istonda qurolli bosqinchilik qilgani haqida xabar berilgan edi. 

Top