«Biz dahshatli zamon tomon ketib bormoqdamiz»
Ma'lumki, prezident Donald Tramp Covid-19’ning halokatli xavfini o‘z vaqtida anglab yeta olmadi. Hatto u dastlab koronavirusning yangi turi demokratlar tomonidan o‘zi va uning ma'muriyatiga zarar yetkazish uchun ishlatilgan «yolg‘on» ekanini ta'kidladi. Vaqt o‘tishi bilan epidemiyaning qanchalik xavfli ekani ma'lum bo‘lgach, Tramp avvalgi befarqligini xaspo‘shlash uchun o‘tkir tilni ishga soldi. U hatto virusga qarshi kurashni urushga qiyoslar ekan, o‘zini mana shu urush davrining prezidenti, deb atadi. Endilikda epidemiyaga qarshi kuchliroq choralar ko‘rila boshlangan bo‘lsa-da, aslida, mamlakat juda kech qoldi. Shu asno Tramp prezidentlik faoliyati davomida yaratmoqchi bo‘lgan «dunyodagi eng qudratli va gullab-yashnagan mamlakat» imijiga jiddiy putur yetdi.
Ayni paytda yaxshi ssenariy haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Faqat yomon yoki o‘ta yomon ehtimollargina mavjud. Oq uy tibbiyot ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, hatto uyda qolish buyrug‘iga amal qilingan taqdirda ham virus tufayli 100 mingdan 240 minggacha amerikalik vafot etishi mumkin.
«O‘lim juda ko‘p bo‘ladi, dedi Tramp jurnalistlarga bergan bayonotida. Biz dahshatli zamon tomon ketib bormoqdamiz. Ehtimol, bunday o‘lim ko‘rsatkichlarini ilgari hech ko‘rmagandirmiz. Ehtimol, buni Birinchi yoki Ikkinchi jahon urushidagi raqamlar bilan taqqoslashimiz mumkindir». Agar Birinchi jahon urushida 320 ming, Ikkinchi jahon urushida 1 million 76 ming amerikalik halok bo‘lgani hisobga olinsa, mazkur bayonot qanchalik dahshatli ekani oydinlashadi.
Sog‘liqni saqlash tizimi qulamoqda

Donald Tramp tvitterda AQShning koronavirus epidemiyasini «nazorat qilayotgani»ni yozganidan so‘ng bir oy o‘tgach, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Amerika epidemiya markaziga aylanishi mumkinligini aytdi. Uzoq vaqt davomida surunkali muammolarga duch kelgan Amerika sog‘liqni saqlash tizimi g‘aflatda qolib, tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmagani ham bunda katta rol o‘ynadi.
Epidemiya tarqalganidan keyin hech qancha vaqt o‘tib ulgurmay, AQSh kasalxonalarida tibbiy vositalar yetishmovchiligi yuzaga keldi. Shifokor va hamshiralar internet orqali bu masalada yordam so‘rab murojaat qila boshlashdi. To‘qimachilik korxonalaridan esa kasalxona ishchilari uchun tibbiy niqob tikish so‘raldi. Ammo vaziyat shu qadar yomon tus oldiki, bir anesteziologning muolaja paytida boshiga yelim paket kiyib olgani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik esa hatto chiqindi paketlaridan himoya vositasi sifatida foydalanayotgan shifokorlar tasviri ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.











