Parlament e'lon qilgan tadbirdan jurnalistlar chiqarib yuborildi. Senat matbuot xizmati bu tadbirga aloqador emasligini bildirdi
9 mart kuni Kasaba uyushmalari federatsiyasi majlislar zalida Ayollar muammolarini tizimli hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida jurnalistlar majlis boshlangandan chamasi bir yarim soat o‘tib tadbirdan chiqarib yuborildi.

Tadbirda bo‘lgan jurnalist Inobat Ahatovaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, yig‘ilishga aksariyat jurnalistlar taklif asosida borgan va dastlabki hisobot qismida qatnashgan.
“Jurnalistlar uchun nisbatan zerikarli bo‘lgan hisobot qismida ishtirok etdik va bu jarayon bir soatdan ortiq davom etdi. Endi real muammolar tahliliga o‘tilib, savol-javoblar boshlanganida Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov tadbirni to‘xtatdi va jurnalistlar chiqib ketishini so‘radi. Biz hayron bo‘ldik, tadbirda sirli gaplar ham bo‘lmayotgandi, mavzu ham bugungi kunda muhim edi. Tashqariga chiqqanimizdan keyin matbuot kotibidan bunday yo‘l tutilishi sababini so‘radik, ammo biror izoh ololmadik”, – dedi “Xalq so‘zi onlayn” nashri muxbiri.
MY5 telekanali muxbiri Yulduz Olimova ham bu borada o‘z fikrlarini bildirdi.
“Respublika komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda davlat rahbari tomonidan 6 mart kuni belgilangan vazifalar, uning ijrosi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan axborotlar tinglanishi ko‘zlangan edi. 1 750 nafar ishtirokchi uchun o‘tkazilayotgan videoselektorda respublika maxsus komissiyasi a'zolari - senat raisi Tanzila Norboyeva, prezident maslahatchisi Rustam Qosimov va federatsiya raisi Qudratilla Rafiqov ishtirok etdi. Hududlar kesimida olib borilayotgan ishlar yuzasidan odatiy hisobot ma'ruzalari bilan boshlangan tadbir endigina prezidiumdagilarning g‘ashiga tegib, konkret javoblar talab qilingan bir paytda, federatsiya raisi tomonidan Farhod Mahmudov orqali OAV vakillarining chiqib ketishi so‘raldi.
Eng qizig‘i, majlislar zalidan chiqqan jurnalistlar oldiga uyushma matbuot xizmati rahbari kelib, material efirga berilishi oldidan ularga ko‘rsatilib, ruxsat olish kerakligini uqtirdi. Shaxsan men bu taklifga rozi emasligim va bor ma'lumotni xalqqa xolis yetkazishim, bu jarayonga ularning aralashuvi noto‘g‘ri ekanini tushuntirishga kirishdim. Shundan so‘ng, matbuot kotibi tadbir tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Senat axborot xizmati xodimlari yoniga kelib, MY5, “Sevimli”, “Daryo.uz” va “Xalq so‘zi” muxbirlarini ular faoliyat yurituvchi tashkilot rahbarlariga chiqib, tiyib qo‘yishlarini so‘radi. Bunisi endi juda oshib tushdi”, – dedi telejurnalist.
“Daryo.uz” muxbiri Mirolim Isajonov ham yuqoridagi fikrlarni tasdiqladi va “Feysbuk”dagi sahifasi orqali Kasaba uyushmalari federatsiyasi katta majlislar zalida Ayollar muammolarini tizimli hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida jurnalistlar majlis boshlangandan chamasi bir yarim soat o‘tib tadbirdan chiqarib yuborilgani hamda bunga aniq izoh berilmagani haqida yozib qoldirdi.
Bu holat bo‘yicha izoh olish uchun Oliy Majlis Senati axborot xizmati rahbari Jaloliddin Usmonov bilan bog‘landik.
“Mazkur tadbirga Senat raisi Tanzila Norboyeva taklif qilingandi. Bilasizki, Senat raisi ishtirokidagi barcha tadbirlarga OAV vakillarini taklif qilamiz. Chunki parlament faoliyati ochiqlikni talab qiladi. T. Norboyevaning o‘zi ham tadbirlar oshkora o‘tkazilishi tarafdori. Shu bois, o‘zimiz tashkillashtirgan tadbirlarni hatto onlayn yoritib boramiz.
Bugungi holat bo‘yicha o‘rgandik. Ma'lum bo‘lishicha, tadbir ikki qismdan iborat bo‘lgan va birinchi qismiga OAV vakillari taklif etilgan. Faqat bu yerda tushunmovchilik bo‘lgani sababi jurnalistlarga reja to‘g‘ri yetkazilmagan.
Ayollar muammolarini tizimli hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi yig‘ilishlari hali davom etadi va kelgusida ularda, albatta, OAV vakillari ishtirokini ta'minlab beramiz. Chunki faoliyatimiz yoritilib, xalqimizga to‘g‘ri yetkazilishidan biz ham manfaatdormiz. Senat o‘z pozitsiyasida doim turadi, ya'ni ochiqlik tarafdori. Barcha OAV vakillari, blogerlarga minnatdorlik bildiramiz”, – dedi Senat Axborot xizmati rahbari.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot kotibi Muhabbat O‘rmonbekovadan izoh olish uchun “Telegram” orqali savollar yo‘lladik. Garchi xatlar yetib borgan va ko‘rilgan bo‘lsa-da, ular javobsiz qoldi. Telefon orqali bog‘lanishga urinish ham samara bermadi.
Tavsiya etamiz
Putin AQSh va Ukrainaning 30 kunlik otashkesim taklifiga rozi bo‘ldi
Jahon | 23:00 / 13.03.2025
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti
O‘zbekiston | 12:30 / 13.03.2025
Qamoqqa olinmagan gumonlanuvchilarning O‘zbekistondan chet elga chiqishi vaqtincha cheklanishi mumkin
O‘zbekiston | 19:08 / 12.03.2025
Avstraliyalik erkak sun’iy yurak bilan 100 kun yashab, rekord o‘rnatdi
Jahon | 14:35 / 12.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
O‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab talabalarga grantlarni qayta taqsimlash tartibi tasdiqlandi
O‘zbekiston | 18:14
-
Shavkat Mirziyoyev Vyacheslav Volodinni qabul qildi
O‘zbekiston | 18:12
-
Tramp Pentagonga Panama kanalini egallash bo‘yicha harbiy reja tayyorlashni buyurdi
Jahon | 18:03
-
«Teskari xavfsizlik kafolatlari». Putin aslida ham o‘t ochishni to‘xtatishga tayyormi?
Jahon | 17:45
Mavzuga oid

19:36 / 22.02.2025
“Budjetni deputatlar yozishi kerak” - parlamentlar haqida iqtisodchi bilan suhbat

21:26 / 12.12.2024
«Chegara bilmas muxbirlar»: 2024 yilda dunyoda 54 nafar jurnalist o‘ldirildi

19:56 / 13.10.2024
Venesuela hukumati jurnalistlarning xorijga chiqish pasportlarini tortib olayotgani ma’lum bo‘ldi

23:59 / 08.10.2024