09:40 / 14.11.2022
24472

15 yashar o‘smirning o‘ligi chiqqan IIB markazi rahbari va ikki xodimi ishdan olindi

Shuningdek, xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 3 nafar xodim intizomiy jazoga tortilgan, yana 4 nafar xodim navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan.

Foto: Kun.uz

16 oktabr kuni Farg‘ona viloyat IIB tasarrufidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga olib kelingan 15 yashar o‘smir 18 oktabr kuni shu muassasada vafot etgani ortidan markaz xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan edi.

Farg‘ona viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, IIV tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuni bo‘yicha Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Foto Daryo.uz

Shuningdek, xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 3 nafar xodimga “Hayfsan” berilgan. 4 nafar xodim esa lavozimiga loyiq yoki noloyiqligini aniqlash maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan.

Avvalroq o‘lim yuz bergan kunda navbatchilik qilgan 2 nafar ichki ishlar organi xodimi tarbiyalanuvchilarni nazoratsiz qoldirib, janjalning oldini olmagani uchun vazifasidan chetlatilgan hamda ularga nisbatan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun viloyat prokuraturasiga taqdim qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 15 yashar o‘smir Buvayda tumani IIB boshlig‘ining 16 oktyabrdagi qarori bilan Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan. Viloyat prokuraturasiga ko‘ra, markazga joylashtirilgan kunning ertasiga, ya’ni 17 oktyabrda yigitning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgan. Shundan so‘ng, tez yordam xodimlari unga tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Foto Daryo.uz

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga «bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi» sabab bo‘lgan. Rasmiylar marhum markazdagi sakkiz nafar bola bilan sodir bo‘lgan mushtlashuvdan so‘ng o‘lganini aytishmoqda. Biroq bolaning yaqinlari bunga ishonishmayapti. Kun.uz surishtiruvi davomida bolaning o‘limi ancha vaqt uning yaqinlaridan sir tutilgani ma’lum bo‘ldi.

Ayni paytda, mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov ro‘y bergan hodisa yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ikki kishi qamoqqa olinganini aytgan. Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Daryo nashriga buvaydalik o‘smirning o‘limida sakkiz nafar shaxs gumonlanayotganini ma’lum qilgan.

Top