O‘zbekiston | 12:27 / 27.10.2022
21974
4 daqiqa o‘qiladi

Gordon O‘zbekistonda Eron dronlari yig‘ilishini aytdi. Alisher Qodirov TIV va Mudofaa vazirliklaridan raddiya berishni so‘radi

Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon Isroilda yashovchi sobiq rossiyalik milliarder Leonid Nevzlin bilan suhbatda O‘zbekistondagi zavodda Eron bilan hamkorlikda harbiy dronlar yig‘ilayotganini iddao qildi. Bu dronlar Ukrainaga hujum qilayotgan Rossiyaga yetkazib berilishi aytilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov buni tuhmat deb atab, Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklaridan buni rasman rad etishni so‘radi.

«Eron harbiy dronlari Rossiyaga yetkazib berilishidan oldin Iroq va O‘zbekistondagi harbiy zavodlarda yig‘iladi. Hozir yer-yer tipidagi raketalarni ham yetkazib berishga urinmoqda yoki allaqachon yetkazib berilmoqda. Bu endi alohida yangilik.

Yaqinda Eron armiyasining ikki harbiysi – polkovnik va general o‘ldirildi. Ular Eronda dronlarni ishlab chiqarishga mas’ullardan bo‘lgani aytilmoqda. Bunaqa narsalar tasodifan bo‘lmaydi», degan Nevzlin 26 oktyabr kuni e’lon qilingan intervyuda.

Gordon Isroil dronlar ishlab chiqarilayotgan va yig‘ilayotgan Eron, Iroq va O‘zbekistondagi zavodlarga zarba berishi ehtimoli bo‘yicha savol bergan.

«Men O‘zbekiston haqida biror nima deya olmayman. Chunki u [O‘zbekiston] neytral va do‘st davlat. Men bilmayman, Isroil u yerda dron yig‘ilayotganini biladimi, umid qilamanki biladi. Ular uchun Isroil va Amerika tomonidan ultimatum qo‘yilishining o‘zi yetarli bo‘ladi. Va ular buni to‘xtatadi.

Iroq va Suriya hududlariga keladigan bo‘lsak, Isroil bu hududlarga hech qanday shubhasiz raketa zarbalari berishga tayyor bo‘lishi mumkin. Eron hududida bo‘lmagan boshqa qurol omborlari va boshqalarga ham», - degan sobiq rossiyalik milliarder.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, deputat Alisher Qodirov bunday ma’lumotni e’tiborsiz qoldirmaslik kerakligi hamda O‘zbekiston Rossiya agressiyasini hech qanday shaklda qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgan.

«Bu asossiz va mas’uliyatsiz e’lonni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak.

O‘zbekiston rus agressiyasini hech qanday shaklda qo‘llab-quvvatlamasligini, muzokaralar va hududiy yaxlitlikni qo‘llab-quvvatlaydigan betaraf pozitsiyasini fuqarolarimiz ham, butun dunyo ham juda yaxshi tushunib bo‘ldi», deydi u.

Shuningdek, Oliy Majlis deputati Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari bu tuhmatni rasman rad etishi kerakligini ta’kidlagan.

«Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari bu tuhmatni rasman rad etishi va Gordonni uzr so‘rashga majbur qilishi kerak», - deydi Alisher Qodirov.

Kun.uz ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Mudofaa sanoati qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligiga so‘rov yubordi hamda izoh kutmoqda.

Ma’lumot uchun, bundan oldinroq Tojikiston Qirg‘iziston bilan qarama-qarshilik kuchayishi ortidan Eron dronlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Mavzuga oid