Jamiyat | 14:45
11313
3 daqiqa o‘qiladi

Jo‘rayevlar ishida sud qarori o‘zgarishsiz qoldirildi

Apellyatsiya sudi aka-uka Jo‘rayevlarning shikoyatini qanoatlantirmadi: birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi hal qiluv qarori bilan xonanda Botir Qodirov marhum xonanda Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li deb tan olingandi.

Foto: Kun.uz

Jo‘rayevlar ishi apellyatsiya sudida ko‘rib chiqildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Toshkent shahar sudi matbuot kotibining tasdiqlashicha, apellyatsiya sudi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, aka-uka Jo‘rayevlarning shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Botir Qodirovning otalikni belgilash haqidagi da’vosi fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib, sentabr oyida hal qiluv qarori chiqarilgandi. Unga ko‘ra, sud Botir Qodirovni Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li deb topgandi.

“Botir Qodirovning javobgarlar Jo‘rayev Shohjahon Sherali o‘g‘li va Jo‘rayev Zohirshoh Sherali o‘g‘liga nisbatan otalik faktini belgilash haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirilsin. Marhum, 2023 yil 4 fevralda vafot etgan Sherali Jo‘rayev 1981 yil 5 mayda tug‘ilgan Qodirov Botir Sheraliyevichga nisbatan otalik fakti belgilansin”, deya sud qarorini o‘qigan edi o‘shanda ishni ko‘rgan sudya.

Shuningdek, qarorda Botir Qodirovning Andijon shahar FHDYo bo‘limida 1983 yil 11 mart 12-son bilan qayd etilgan tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi ota ustuniga “Sherali Jo‘rayev, 1945 yil tug‘ilgan, millati o‘zbek” deb ko‘rsatish ham belgilangandi.

Sud qaroridan so‘ng xonanda Botir Qodirov OAVga intervyu berib, “eng og‘riqli nuqtasini bosishmaguncha da’vo arizasi kiritish niyati bo‘lmaganini” aytib o‘tgan edi. “Boshqa chora qoldirishmadi, eng nozik nuqtamni bosishdi. Ularning qo‘rqayotgan nuqtasi – meros. Menga meros kerak emas. Yomon gapirmoqchi emasman, ular baribir mening ukalarim”, degandi xonanda.

Xonanda Zohirshoh Jo‘rayev esa Kun.uz’ga bergan intervyusida sudning hal qiluv qaroridan norozi ekanini bildirib, dalil va isbotlar yetarli bo‘lmay turib xulosaga kelingani uchun sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritilishini ma’lum qilgandi.  

Mavzuga oid