O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari va Yaponiyaga oliy darajadagi tashriflar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
BAA va Yaponiya – ulkan investitsion imkoniyatlarga ega, jadal rivojlanish, modernizatsiya va ilg‘or texnologiyalarni samarali joriy qilishda, diversifikatsiyalashgan va barqaror iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qiladigan keng miqyosli investitsiya loyihalarini amalga oshirishda katta tajribaga ega mamlakatlar.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 24-26 mart kunlari BAAga va 17-20 dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashriflari ikki tomonlama hamkorliklar tarixida yangi sahifalar ochdi, deyiladi xabarda.
BAA va Yaponiyadagi sheriklar bilan do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan samarali muzokara va tadbirlar oliy darajadagi muloqot yanada qo‘llab-quvvatlanishining muhimligi, bu mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashda hal qiluvchi omil ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Tashriflar yakunida hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar to‘plami, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsion bitimlar imzolandi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq, Yaponiya bilan esa 6 milliard dollardan ziyod qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, turizm va boshqa sohalarda qator loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda BAA kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvlar bugun o‘z natijasini berayotgani ta'kidlandi. Masalan, «Masdar» kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasi qurilishiga 100 million dollar sarmoya kiritmoqda. 2019 yil oktabr oyida quyosh energetikasida davlat-xususiy sheriklikka investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha yurtimiz tarixida ilk bor o‘tkazilgan ochiq tenderda ushbu kompaniya g‘olib deb topildi. Qurilish ishlari 2020 yilning birinchi choragida boshlanishi kutilmoqda.
Bunday ijobiy natijalar BAA hamda Yaponiya ishtirokidagi boshqa ko‘plab loyihalarda ham kuzatilmoqda.

















