Media mahsulotlarini «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkazishga doir qaror bekor qilindi – Adliya vazirligi
Adliya vazirligiga ko‘ra, media mahsulotlar faqat qonuniylik yuzasidan ekspertiza qilinishi mumkin. Shu sababli «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkazishga doir qaror ijrodan chaqirib olingan. Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislariga esa qonunchilikka zid media-mahsulotlari yuzasidan vakolatli organlarga taklif kiritish tavsiya qilindi.
Adliya vazirligi media mahsulotlarini «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkazishga doir hujjatda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi umummajburiy kuchga ega bo‘lgan huquqiy normalar belgilanganligi aniqladi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq vazirlik va idoralarning shunday turdagi huquqiy hujjatlari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bu turdagi hujjatlar tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.
«Shu bois, media mahsulotlarini «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror ushbu hujjatni qabul qilgan organlar tomonidan bekor qilinganligi va ijrodan chaqirib olinganligi ma’lum qilinadi», — deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislariga media mahsulotlarning amaldagi qonunchilikka zidligi aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish yuzasidan tahliliy fikrlar tarzida vakolatli organlarga taklif kiritib borish haqida tavsiya berilgan.
Avvalroq, Ma’naviyat va ma’rifat markazi seriallar, multfilmlar, filmlar va qo‘shiqlar «ma’naviy ekspertizadan» o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi.
«Qayd qilinishicha, mutaxassislar O‘zbekiston va xorijda ishlab chiqarilgan ommaviy axborot vositalarining davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy mezonlarga muvofiqligini o‘rganadi. Shuningdek, insoniy fazilatlarga zid axloqsizlik va odobsizlik targ‘ibotining mavjudligi ham tekshiriladi», — deyilgan markaz tarqatgan xabarda.
Markaz ekspertizadan o‘tmagan media mahsulotlarning namoyish etilishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga taklif kiritishini aytgan.
Mavzuga oid
19:16 / 24.12.2024
“Muhokamada hali takomiliga yetmagan” – “Ma’naviyat ekspertizasi” qaytarilishi mumkin
20:41 / 23.12.2024
Rossiyada YouTube trafigi keskin kamaydi
15:00 / 21.12.2024
Kun.uz'ning YouTube'dagi obunachilari soni 3 milliondan oshdi
15:08 / 13.12.2024