A ligasi, 4-guruh

Portugaliya Ronaldusiz gʻalaba qozondi

Norvegiya – Portugaliya 1:2
Gollar: Joau Feliks, 17 (0:1). Holand, 51 (1:1). Ramush, 54 (1:2)
Norvegiya: Nyuland, Ayer, Heggem, Ryuerson (Estigor, 66), Eursnes, Berge, Berg (Bobb, 72), Edegor, Nusa (Strann Larsen, 81), Shelderup, Holand
Portugaliya: Koshta, Ruben Diash, Veyga, Nunu Mendesh, Joau Kanselu, Palinya (Ruben Nevesh, 80), Pedru Netu (Bernardu Silva, 87), Konseysau (Leau, 56), Joau Nevesh (Vitinya, 55), Ramush (Trinkau, 81), Joau Feliks
Ogohlantirishlar: Ryuerson, 16. Eursnes, 47. Ayer, 65 – Palinya, 49. Veyga, 67. Joau Kanselu, 76. Vitinya, 76. Ruben Diash, 88. Bernardu Silva, 90

Portugaliya Norvegiyani safarda magʻlubiyatga uchratdi. Bu oʻyinda barcha Ronaldu va Holand qarama-qarshiligini koʻrmoqchi edi, ammo portugallarning yangi bosh murabbiyi Jorji Jezush Krishtianu Ronalduni zaxirada qoldirdi. Uning oʻrniga asosiy tarkibda tushgan Gonsalu Ramush esa gʻalaba golini urdi.

Portugallar 17-daqiqadayoq hisobni ochishdi: Joau Feliks jarima maydoni tashqarisida toʻpni Pedru Netudan qabul qildi va taxminan 16 metr masofadan turib, qaytarib boʻlmas zarba yoʻlladi. Keyin esa Holand oʻta qulay pozitsiyada turganiga qaramay, Edegorning ajoyib pasini yoʻqqa chiqardi.

Bir necha xatolardan keyin Erling baribir oʻz maqsadiga erishdi va 51-daqiqada jarima zarbasidan keyin hisobni tenglashtirdi. Holand qatorasiga yettinchi oʻyinda gol urmoqda. «Siti» forvardi joriy mavsumda klub va milliy jamoa safidagi 9 oʻyinda urgan gollari sonini 10 taga yetkazib qoʻydi.

Ammo portugallar baribir gʻalabani ilib ketishdi – hisob tenglashganidan koʻp oʻtmay mezbonlar darvozaboni Eryan Nyuland qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi. U toʻpni Ramushga topshirib qoʻydi, Ronalduning raqobatchisi esa texnik ijro bilan toʻpni darvozabon ustidan oshirib tashladi.

photo_2026-09-28_11-41-30

Ramush shu kuni dublga erishishi mumkin edi, ammo uning ikkinchi goli ofsayd tufayli bekor qilindi.

Oʻyin oxirida esa mezbonlar uchun yana bir yoqimsiz holat kuzatildi. Jamoa sardori, «Arsenal» futbolchisi Martin Edegor himoyadan toʻp bilan chiqayotganida «Siti» sobiq futbolchisi Bernardu Silva uning oyoqgʻiga qasddan zarba berdi, jabrlanuvchi oʻyinni oqsoqlangancha davom ettirdi, ammo boshqa yugura olmadi.