Yangi banknotalarni muomalaga chiqarish zaruriyati haqida

Markaziy bankning ma'lum qilishicha, 2 ming va 20 ming so‘mlik kupyuralarning muomalaga chiqarilishidan asosiy maqsad – aholiga qulaylik yaratish.

Regulyatorga ko‘ra, mazkur banknotalar hisob-kitoblarda to‘lovlarni amalga oshirishni osonlashtirish bilan birga, pul belgilarining nominal qatorini to‘ldirish imkonini ham beradi.

Dunyo tajribasida bunday amaliyot bor. Masalan, 1 va 5 qiymat nominalidagi banknotalar orasida 2 qiymatli, 10 va 50 qiymat nominalidagi banknotalar orasida 20 qiymatli, 100 va 500 qiymatdagi banknotalar orasida 200 nominal tartibda bo‘lishi to‘lovlarni osonlashtiradi.

Naqd pul muomalasidagi muvozanatlash jarayoni O‘zbekistonda 2018 yilda boshlangan edi. O‘tgan davrda 50, 100, 200, 500 so‘mlik yangi namunadagi tangalar muomalaga chiqarilib, eski namunadagi tangalar va banknotalar bosqichma-bosqich muomaladan qaytarib olindi.

2020 yil 1 martdan boshlab esa 25 so‘m va undan kichik nominaldagi banknotalar va tangalar qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotdi.

Nega oraliq nominaldagi pul belgilaridan sakrab o‘tilgandi?

Foto: Kun.uz / Muhammadjon G‘aniyev

Markaziy bank 2017 yilning mart oyidan 10 ming so‘mlik banknotalar, avgust oyidan 50 ming so‘m nominaldagi banknotalarni muomalaga chiqargan edi.

Izohlanishicha, naqd pul muomalasi erkinlashishi natijasida iqtisodiyotda va banklar orqali naqd pul aylanmalari hajmi kengayib borgan. Naqd pulda to‘lovlarni amalga oshirish, ularni olib yurish, saqlash, ayniqsa, banklarda naqd pullarni sanash, saralash va o‘rab-bog‘lash jarayonlarida qulaylik va yengillik yaratish uchun yanada kattaroq nominaldagi banknotaga ehtiyoj yuzaga kelgan.

Shu sababli 2019 yil fevralda 100 ming so‘mlik banknota muomalaga chiqarilgan.

Respublikada oxirgi paytlar naqd pulga bo‘lgan talab ortgan va uni qondirish uchun oraliq nominaldagi pul belgilaridan sakrab o‘tib, kattaroq nominaldagi banknotalarni muomalaga chiqarish zaruriyati yuzaga kelgan.

Yirik nominaldagi banknotalarni muomalaga chiqarishdan asosiy maqsad – yuqori qiymatdagi mol-mulk (masalan, uy-joy, avtomashina, tilla buyumlar, mebel, jihozlar va hokazo) hamda tovarlarni xarid qilishda to‘lovni amalga oshirish uchun qulaylik yaratish.