Sport | 16:10 / 12.06.2020
5847
4 daqiqa o‘qiladi

Maydonda tuflash va golni jamoaviy nishonlash taqiqlanadi. Superligada yana qanday cheklovlar joriy etilmoqda?

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov 13 iyundan davom ettiriladigan Superliga o‘yinlarida amal qilinishi talab etiladigan sanitariya-gigiyena qoidalari haqida ma'lumot berdi.

“Ma'lumki, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 29 maydagi yig‘ilishi bayoni bilan futbol bo‘yicha xalqaro va ichki musobaqalarga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish hamda ularda qatnashish maqsadida:

  • professional futbol klublariga o‘z o‘quv mashg‘ulotlarini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda boshlashga;
  • 2020 yil 5 iyundan boshlab O‘zbekiston professional futbol ligasi chempionatlarini davom ettirishga ruxsat berildi.

Bunda futbol o‘yinlari tomoshabinlar ishtirokisiz o‘tkazilishi belgilandi.

Shunga muvofiq, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va O‘zbekiston Professional futbol ligasi xamkorligida xalqaro tajribani o‘rgangan holda “COVID-19 pandemiyasi davrida cheklash tadbirlarini qo‘llanishi sharoitida professional futbol mashg‘ulotlari hamda musobaqalarini tashkil qilish to‘g‘risidagi vaqtinchalik sanitariya-gigiyena qoida va me'yorlari” ishlab chiqildi.

Ushbu vaqtinchalik sanitariya qoida va me'yorlarida Professional futbol jamoalari mashg‘ulotlarini tashkil etish, musobaqalar o‘tkazish va o‘quv-mashg‘ulot bazasidan foydalanishga doir talablar belgilab berilgan», deya Botir Qurbonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mutasaddining qayd etishicha, futbol bo‘yicha superliga o‘yinlarini o‘tkazishda quyidagi asosiy talablarga rioya qilinishi lozim:

  •  bitta uchrashuvdagi ishtirokchilarning (jamoalar, tashkilotchilar va OAV xodimlari) umumiy soni 140 nafardan oshmasligi kerak;
  •  uchrashuv uchun tanlab olingan barcha to‘plar, GPS tizimlari (Polar tizimi), fishkalar, darvozalar ustunlari hamda to‘rlari, barcha ekipirovkalar dezinfeksiya qilinishi shart. Bunda ular Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya bo‘yicha barcha talablariga javob berishi kerak.
  •  uchrashuvlar o‘tadigan stadionlarga kirish oldidan har bir jamoa a'zosi pirometriya (tana haroratini o‘lchash) tekshiruvidan o‘tishi shart.
  •  uchrashuv davomida stadionga kiritilgan barcha personal karantin normalariga (shaxsiy himoya vositalariga) qat'iy rioya qilishi shart. Ularga tupurish, og‘iz chayqalgan suvni ommaviy joyga (ayniqsa futbol maydoniga) tashlash kabi sanitariya qoidalarini buzish taqiqlanadi (futbolchilar og‘iz chayishi hamda og‘izdagi suvni tashlashi uchun alohida idishlar, ya'ni, tufdon qo‘yilgan nuqtalarni tashkil etish tavsiya etiladi).
  •  futbolchilar va hakamlar yechinish xonalari, shuningdek, avtobuslar kvars lampalar bilan jihozlash kerak (portativ kvars lampa). Bunda kvars lampalardan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalarga qat'iy rioya qilinishi zarur
  •  stadion hududidagi barcha personallar shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishi shart. Faqatgina o‘yin vaqtida maydonda harakat qilayotgan futbolchilar va hakamlarda maska bo‘lmaydi. Chigalyozdi mashg‘ulotlarida qatnashuvchilar ham maskalardan foydalanadi.
  •  uchrashuv oldidan ikki jamoa vakillari va hakamlarning o‘zaro qo‘l berib ko‘rishish tadbirlari bekor qilinadi.
  • jamoaviy rasmga tushishda futbolchilar ijtimoiy masofa saqlaydi hamda bir-biriga teginib turmaydi (zig-zag usulida).
  •  futbolchilar golni nishonlayotganda ijtimoiy masofa saqlaydi va golni jamoaviy nishonlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
  •  karantin talablaridan kelib chiqib, matbuot anjumani o‘tkaziladi. Unda ishtirok etayotgan barcha karantin talablariga qat'iy rioya etishi shart.
  •  matbuot anjumanida ishtirok etayotgan futbolchi va murabbiylar mikrofon, diktofon kabi vositalarga teginishi, ularni bir joydan boshqa joyga surishi mumkin emas.
  •  uchrashuv stadioni alohida izolyator xonasi bo‘lishi va mazkur xona zaruriy tibbiy jihozlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
  •  uchrashuv o‘tadigan tutash binolar ichi futbolchilar kelishidan 2 soat avval dezinfeksiyalanishi kerak.

Mavzuga oid