Uzoq cho‘zilgan urush Ukrainada korrupsiya uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainaliklar korrupsiyani mamlakatdagi Rossiya agressiyasidan keyingi ikkinchi eng muhim muammo deb biladi (bu nuqtayi nazarni respondentlarning 89 foizi qo‘llab-quvvatlagan). Volodimir Zelenskiy jamoasi davlat apparatida tergov va tozalash ishlarini boshlab yubordi, biroq bu choralar hali ham yetarlicha tizimli emas.

Shu bilan birga, markaziy hukumat aholining shaharlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga sarflangan mablag‘lardan noroziligidan o‘zining xalq tomonidan saylangan merlar bilan uzoq yillik ziddiyatida foydalanmoqda. Jurnalist va Ukraina siyosatining mustaqil tadqiqotchisi Konstantin Skorkin urush avjidagi aksilkorrupsiya kampaniyasi haqida fikrlarini bildirdi.

Zelenskiy ofisi mahalliy hokimiyatlarni maqsadsiz xarajatlarda aybladi. Kiyev ma’muriyati plitkalarni almashtirish — injiqlik emas, balki hatto urush paytida ham zarurat deya javob bergan.

Ukraina janubi va sharqida davom etayotgan janglar, shuningdek, mamlakatning boshqa hududlari o‘qqa tutilishi fonida Ukraina shaharlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish kampaniyasi boshlandi. Budjet taqchilligi va chet el yordamiga qaramlik kuchayib borayotgani hisobga olinsa, plitkalarni qayta yotqizish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari eng kamida o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgandek ko‘rinadi.

Muammo, ayniqsa, Kiyevda keskin, chunki prezident devoni va shaharni boshqarayotgan Vitaliy Klichko o‘rtasidagi siyosiy mojaro Volodimir Zelenskiy hokimiyatga kelgan paytdan beri to‘xtagani yo‘q. Kiyev shahar hokimiyatining o‘ziga xosligi shundaki, Klichko ikkita rolni — xalq tomonidan saylangan mer va prezident tomonidan tayinlangan shahar ma’muriyati rahbari lavozimlarini birlashtiradi. Prezident devoni uzoq vaqtdan buyon uning vakolatlarini cheklashga harakat qiladi va shahar xo‘jaligidagi har qanday muammo navbatdagi qarama-qarshilikni keltirib chiqaradi.

2023 yil yoz fasli boshida Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Davlat xizmati tekshiruvi Kiyevdagi fuqarolik mudofaasi boshpanalarining taxminan uchdan bir qismi foydalanishga yaroqsiz holatda ekanini ko‘rsatdi. Keyinroq shahar rayonlaridan birida boshpanalarga «bolalar ruhiyatini ko‘tarish uchun» barabanlar va yangi namunadagi blenderlar sotib olish rejalashtirilgan tender natijalari keng ommaga ma’lum bo‘ldi. Kiyev meriyasi qattiq tanqidga uchradi. Prezident devoni Klichkoni real vakolatlardan mahrum qilish maqsadida shahar ma’muriyatidagi uning o‘rniga allaqachon boshqa nomzod topgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Lekin ish yana iste’fogacha bormadi.