Jamiyat | 13:58 / 22.04.2022
24865
2 daqiqa o‘qiladi

Nikohni qayd etishdagi 1 oylik muddat bekor qilinishi mumkin

Amaliyotda nikohni qayd qilishning 1 oylik muddatini qisqartirish uchun soxta tibbiy ma’lumotnomalar taqdim etish, ortiqcha qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlar kuzatilgan.

Foto: KUN.UZ

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Unda nikohdan o‘tish uchun ariza berilganidan so‘ng 1 oy kutish tartibini bekor qilish nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi qabul qilinsa, nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan so‘ng 1 oylik muddatni kutmasdan nikohini rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, nikohlanuvchi shaxslar FHDYoga ariza berganidan vaqtdan boshlab 1 oy o‘tgach nikohi qayd qilinishi belgilangan. Bu vaqtda nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi lozim.

Alohida hollarda, ya’ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi, xizmat safari kabi uzrli sabablar bo‘lganda 1 oylik muddat qisqartirilgan holda nikohni qayd qilishga ruxsat berilgan.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining ma’lum qilishicha, amaliyotda nikohni qayd qilishning 1 oylik muddatini qisqartirish uchun ayrim fuqarolar FHDYo organlariga soxta tibbiy ma’lumotnomalar taqdim etish, FHDYo va sog‘liqni saqlash organlarida ortiqcha qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘yish kabi salbiy holatlar kuzatib kelingan.

Tahlillarga ko‘ra, nikohni qayd qilish uchun 2021 yilda 300 mingdan ortiq, 2022 yilning 1-choragida 45 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan bo‘lib, ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir oylik muddatda arizalarni qaytarib olish yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qo‘yadi, FHDYo va sog‘liqni saqlash organlarida qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etadi, otalikni belgilash kabi ortiqcha qiyinchiliklarning oldini oladi.

Mavzuga oid