Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-20 fevral kunlari Turkiyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib qaytdi

.

Tashrif jarayonlarini Anqaradan turib yoritgan Kun.uz muxbiri O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidagi bir nechta hukumat a'zolari bilan suhbatlashdi.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tashrifning O‘zbekiston tibbiyotini rivojlantirishdagi o‘rni, tuzilgan shartnomalar, koronavirus va tizimdagi korrupsiya masalalari bo‘yicha savollarga javob qaytardi.

– O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishida va prezidentning turk tadbirkorlari bilan uchrashuvida ko‘pgina hujjatlar imzolandi. Bular orasida tibbiyotimiz rivojiga hissa bo‘ladigan qanday kelishuvlar bor?

– Aytishim kerak bo‘lgan birinchi masala: Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bir nechta shartnomalar imzoladik. Shuningdek, kelgusida birgalikda qilinadigan ishlar uchun yo‘l xaritasini tasdiqlab oldik.

Shu bilan birga, Turkiya tibbiyotida qo‘llanayotgan eng ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekistonga ham olib kelish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazdik.

Tan olib aytish kerakki, bugungi kunda tibbiy xizmatni yaxshilash borasida o‘tkazilgan islohotlar tezkorligi bo‘yicha Turkiya jahonda eng ilg‘orlardan biri. Masalan, Fransiyada tibbiyotdagi islohot, tibbiy sug‘urtani joriy qilish masalalari 60 yil, Janubiy Koreyada esa 40 yil davom etgan. Bu islohotlar aynan Turkiyada juda qisqa muddatda o‘tkazildi – 10 yil.

Turkiyada aholining tibbiy yordam bilan qamrovi hozir deyarli to‘la ta'minlangan. Ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning sifat darajasi esa bu yo‘nalishdagi ishlarga o‘ziga xos joziba berib turadi. Shundan kelib chiqqan holda biz ham tibbiyotdagi boshqaruv, tibbiyotni moliyalashtirish, sug‘urta, undagi ilmni va sohada kadrlar tayyorlash tajribasini o‘rganishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

O‘zaro kelishuvlarimiz mana shu maqsadga xizmat qilishi kerak.

– Qanday amaliy kelishuvlarga erishilganini ayta olasizmi?

– Biz sohada sifatli kadrlar tayyorlash bo‘yicha Turkiyaning bir nechta universitetlari bilan muzokaralar o‘tkazdik. Masalan, Salomatlik bilimlari universiteti. Bu – Turkiyada sog‘liqni saqlashga ixtisoslashgan yagona universitet hisoblanadi.

Biz 2019 yilda Buxoro tibbiyot institutida Turkiya bilan hamkorlikdagi ikkita qo‘shma loyihani amalga oshirgan edik. Loyiha bo‘yicha abituriyentlarni qabul qilib o‘qitish jarayonlari ham boshlandi. Bu birinchi qadam bo‘lgan.