O‘zbekiston | 18:22 / 06.04.2020
71973
3 daqiqa o‘qiladi

14 mart kuni Toshkentda bo‘lib qaytgan nukuslikda 5 aprel kuni koronavirus aniqlandi

5 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida koronavirusga chalingan dastlabki bemorlar aniqlandi.

Foto: Qoraqalpog‘iston SSV

Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, Nukus shahrida yashayotgan bir erkak kishi va uning onasida virus tasdiqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, erkak ish yuzasidan 14 mart kuni Toshkent shahrida bo‘lgan. Virusga gumonlangach, Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

«Ulardan tegishli tahlillar olinib, Respublika sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazining virusologiya laboratoriyasiga va Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-amaliy tekshirish institutiga yuborilgan. 2020 yil 5 aprel sanasida tunda tahlil natijalari ushbu ikki fuqaroda koronavirus borligini tasdiqladi.

Ushbu ikki fuqaro virusga gumon qilinishidan, darhol ular bilan muloqotda bo‘lgan kishilar epidemiologik tekshiruvga olinib, ular ham karantinga olindi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Hozirda ushbu ikki fuqaro Nukusdagi Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ularning ahvoli o‘rtacha darajada.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 18 mart kuni To‘rtko‘l tumanidagi to‘yda qatnashgan qozog‘istonlik ayolda koronavirus aniqlangani xabar qilingach, u bilan bilan ko‘rishgan fuqarolar karantinga olingan edi. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, karantinga olingan bu fuqarolarning tahlillari manfiy natija bergan.

«Agar G. ismli Qozog‘iston fuqarosida koronavirus infeksiyasi laborator usulda aniqlanganida, Qozog‘iston Respublikasining tegishli tashkilotlari tomonidan O‘zbekistonga rasmiy ma'lumot kelib tushishi kerak edi. Bunday rasmiy ma'lumot esa haligacha berilmadi – bu OAVda tarqalgan ma'lumotlarning yolg‘on ekanini ko‘rsatadi.

Shuningdek, norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, G. ismli ayol alohida boksda emas, balki boshqa yonidagi kishilar bilan oddiy karantin nazoratida ekan», deb ma'lum qilgan Qoraqalpog‘iston SSV.

Ma'lumot uchun, hozirda Toshkent shahrida 170 nafar bemor davolanmoqda. Farg‘ona viloyatida 64, Andijon viloyatida 61, Namangan viloyatida 48, Buxoro viloyatida 19, Xorazm viloyatida 18, Qashqadaryo viloyatida 6, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida 2 nafardan bemorga davo muolajalari olib borilmoqda.

Mavzuga oid