O‘zbekiston | 19:14 / 25.08.2021
19059
3 daqiqa o‘qiladi

Imtiyozdan foydalanish uchun So‘x tumani propiskasini olgan abituriyentlar borligi aniqlandi

Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida yashovchi abituriyentlarga bakalavriat uchun alohida grant ajratilgan. Natijada bu tumanda doimiy yashamaydigan ayrim abituriyentlar ham propiskasini shu tumanga o‘tkazib, mazkur imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan.

So‘x tumanidagi “So‘g‘diyona” stadioni / Arxiv foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda So‘x tuman hokimi Davlat test markazi direktori nomiga yozgan xatning surati tarqaldi. Unda davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavr kunduzgi ta'lim yo‘nalishida so‘xliklarga ajratilgan grantlardan foydalanib qolish maqsadida abituriyentlar propiskasini atayin So‘xga ko‘chirayotgani haqida so‘z boradi.

2021/22 o‘quv yili uchun tasdiqlangan qabul parametrlariga ko‘ra, xalq ta'limi va sog‘liqni saqlash sohalarida kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarga grantlar ajratilgan. Shu jumladan, 2021/22 o‘quv yili uchun So‘x tumani yoshlariga OTMdan sog‘liqni saqlash sohasiga 17 ta va xalq ta'limi sohasiga 36 ta grant ajratilgan. Bu kvotadan foydalanib qolish maqsadida So‘xda yashamaydigan abituriyentlar ham doimiy va vaqtincha yashash joyini So‘x tumaniga ko‘chirgan, deyilgan hokimning DTMga yozgan xatida.

Ta'kidlanishicha, bu yil kirish imtihonlarida So‘x tumanidan 1758 nafar abituriyent qatnashgan. So‘x tumani rahbari o‘z xatida DTMdan imtiyozlarni boshqa tumanlardan kelganlarga emas, aynan So‘x tumani yoshlariga berishni so‘ragan.

Kun.uz masala yuzasidan hokim Saidbahrom Saidmusayev bilan bog‘landi. U yuqoridagi maktub haqiqiyligini tasdiqladi.

Saidmusayev boshqa tumanlik abituriyentlar imtiyozdan foydalanish uchun propiskasini So‘xga ko‘chirishga haqli ekanini ta'kidlar ekan, imtiyoz haqiqatan ham so‘xlik yoshlarga nasib etishi uchun biror chora ko‘rish kerakligini qayd etdi. U abituriyent mazkur imtiyozni olishi uchun oxirgi 5 yilda So‘xda yashagan bo‘lishi kerak, degan talabni kiritish taklifini bildirdi.

Tuman rahbari propiskasini atayin ko‘chirgan abituriyentlarning taxminiy soni qanchaligi haqidagi savolga javoban bu noma'lum ekani, biroq “juda ham ko‘p emas”ligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, ta'lim maskanlariga qabulda ham ko‘plab imtiyozlar borligi jamoatchilik tanqidlariga sabab bo‘lib keladi.

Mavzuga oid